Alyuminiy narxi salkam 40 yillik rekordni takrorladi
AQSh va Buyuk Britaniya birjalarga Rossiyaning yangi alyuminiyini qabul qilishni taqiqlaganidan so‘ng, bu rangli metallning narxi 9,4 foiz qimmatlashdi. Alyuminiy narxining 9,4 foiz qimmatlashishi 1987-yildan buyon eng yuqori qiymat sanaladi.
G‘arb cheklovlaridan so‘ng London birjasida (LME)da metallar, jumladan, alyuminiy narxi keskin ko‘tarilib ketdi.
Bloomberg yozishicha, alyuminiy, nikel va misga qo‘yilgan cheklovlar Rossiyaga o‘z metallarini AQSh yoki Buyuk Britaniyadan boshqa mamlakatlarga sotishiga to‘siq bo‘lolmaydi va jahondagi aksariyat metallar bozorida taqchillikka olib kelmaydi.
Ammo sanksiyalar metallar bozorida baribir aks etadi. Chunki London birjasida qayd etilgan narx-navo etalon sanaladi va deyarli jahondagi barcha olti-sotdilarda seziladi.
London birjasi ochilishida alyuminiy narxi 9,4 foizga sakragan bo‘lsa, nikel 8,8 foiz qimmatlashdi. Biroq Yevropa bozorlarida savdolar boshlanishi bilan har ikki metall qimmatlashuvi 2 foiz darajasiga tushdi, mis narxi deyarli o‘zgarmadi.
Dunyo metallar bozorida Rossiya muhim ishlab chiqaruvchilardan sanaladi, jahon bozoriga yetkazib berilayotgan nikelning 6 foizi, alyuminiyning 5 foizi va misning 4 foizi ushbu mamlakatga to‘g‘ri keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter