Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amir vasiyatiga xiyonat

Amir vasiyatiga xiyonat

Negadir Ark darvozasi berkitilib, Buxoroga kirib-chiqish ta’qiqlab qo‘yildi. Shaharda amir sarbozlari ko‘pligidan xaloyiq hayron edi. Butun shaharda nazorat kuchaytirilganidan sarbozlar ko‘ziga shubhali ko‘ringan har qanday kimsani to‘xtatib, qarshilik ko‘rsatsa, hibsga olishardi. Xutbaga shahzoda Ubaydulla nomi zikr etilganidan ayon bo‘ldiki, amir vafot etibdi. Ammo buxoroliklar amirning vasiyati bajarilmaganini bilib turishardi. Biroq ne iloj! Bu ham bir saroy o‘yini-da!..

– Allohning inoyati ila kamina 54 yil boshimga toj kiyib, Buxoroi Sharifga hukmronlik qildim. Elda og‘zi olachilik bo‘lmasligi uchun saltanatni qat’iy qonunlar bilan tutib, urug‘-aymoqchilikka chek qo‘ydim. Tangriga behisob shukrkim, 77 yillik hayotimda mumkin qadar ozor yetgan ojizlar boshini siladim. Ayniqsa, amirlik davrimda Eronu Xiva hukmdorlari harbiy qudratimdan cho‘chib, o‘lkamizga yurish qilishdan tiyildi. Yurish qilganlari munosib jazosini oldi. Endi men o‘z ishimni davom qildirguvchi valiahdni belgilasamgina Buxoroi Sharif dovrug‘i olamni tutgay, – deya amir Subhonqulixon saroy a’yonlariga ko‘z yugurtirdi.

A’yonlar to‘shakka mixlanib, bemajol yotgan amirning vasiyatini jim turib tinglashar, ayni paytda valiahd kim etib belgilanishi, taxtga kim o‘tirajakligi haqida o‘ylab turishardi.

– Bu aytmishlarimdan mudaao shulkim, shul soniyadan e’tiboran nabiramiz Muhammad Muqimxonni valiahd tayin qilgumdir. Magar doril baqoga rixlat qilsak, taxtga Muqimxon o‘tirg‘usidir, – dedi Subhonqulixon.

Hamma ta’zim ila bosh eggach, Muhammad Yusuf Xoja amirning vasiyati bajarilishini aytdi. Shundan keyin amirlikda Muhammad Muqimxonning amir vasiyatiga ko‘ra, valiahd qilib belgilangani haqida ovoza tarqatildi.

Subhonqulixonning hukmdorligi Balxda 31 yil, Buxoroda 23 yil davom etgan bo‘lsa, shu davrda mamlakatda ichki nizolar, urug‘laru shahzodalar o‘rtasidagi taxt talashish, mamlakatga qilinadigan bosqinchiliklarga chek qo‘yildi. Subhonqulixon «Nishoniy» taxallusi bilan she’rlar ham bitar, ma’rifatli amir sifatida dovruq taratgan edi.

Subhonqulixon ko‘plab farzandu nevaralari bo‘lsa-da, biroq Muqimxon aynan o‘ziga tortganligi bois uning kelajagiga ishonar, shunga ko‘ra valiahd deb vasiyat qilgandi. Qolaversa, Muqimxon 5 yildan beri Balxda bobosi kabi yurtni obod qilish yo‘lida hokimlik qilib kelardi.

Bir oycha davom etgan kasallikdan so‘ng, 1702 yil sentyabrda Subhonqulixon a’yonlariga vasiyatini yana bir bor eslatib, olamdan ko‘z yumdi. U o‘zining vasiyatiga ko‘ra, Muqimxon amir bo‘ladi, deb to‘la ishongandi. Ammo...

Amir Subhonqulixon dafn etilmay turiboq saroyda fitna boshlanib ketdi.

– Amirni tezda dafn etmoq kerak, – dedi otaliq Muhammad Rahim. – Kun issiq, mayyitni zudlikda tuproqqa qo‘ymasak bo‘lmas. Valiahd Muqimxonning Balxdan Buxoroga kelishiga esa otda to‘rt kecha-kunduz ketadi.

Bu vaqtda saroydagi eng ta’sirli a’yonlardan biri Bek Muhammad Do‘rmon va Muhammad Xoja ham otaliqning nimaga shama qilayotganini tushunishdi: ilojini topib amir vasiyatini bajarmaslik, taxtga boshqa shahzodani chiqarish kerak edi!

– Muqimxon valiahd bo‘lgani bilan u Balxda tug‘ilgan. Onda-sondagina poytaxtga keladi. Agar u taxtga chiqqudek bo‘lsa, saroyni, bizning o‘rnimizni balxlik amaldorlar egallamaydi, deb kim kafolat bera oladi? – deya Muhammad Xoja Subhonqulixon vasiyatini bajarmaslikka urindi.

Bu gap boshqa saroy a’yonlariga ham ma’qul bo‘ldi. Ammo qaysi shahzodani taxtga chiqarmoq kerak?

– Ubaydulloni amir deb, oq kigizga solib, to‘qqiz bor ko‘tarsak, osmon uzilib boshimizga tushmas. Axir u ham Subhonqulixonning farzandlari, haqi bor. Balxlik valiahdni mayyit kutib turmaydi-da, – dilidagini tiliga chiqardi Muhammad Rahim yuz.

O‘zining qat’iy fikriga ega bo‘lmay, boshqalar ta’siri ostida ish yuritadigan Ubaydullo nomi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Qolaversa, o‘spirin amirni har yo‘lga solish, bundan foydalanib, behisob molu dunyo orttirish uchun har bir saroy a’yoni tayyor edi.

Shu taxlit 1702 yilning kuzida Ubaydulloni ont va Alloh nomiga qasamyod qildirib, taxtga chiqardilar. Marhum amir Subhonqulixon dafn etilmay turib vasiyati buzilgan edi. Endi Buxoro amirligi ichki nizolar va urug‘lar o‘rtasidagi g‘alayonu urushlar girdobiga kirib qoldi.

Ubaydulloning amirligi 9 yil davom etib, bu vaqtda amirlikdan Balx ajralib, Termiz va Shahrisabz bekliklari bo‘ysunmay qo‘ydi. Samarqand va Hisorda xalq qo‘zg‘olonlari bo‘lib, parokandalik boshlandi.

Otasining vasiyatini buzib, taxtga chiqqan Ubaydulloxon esa 1711 yilda yonidagi amaldorlar tomonidan o‘ldirildi.

Umid Bekmuhammad, tadqiqotchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring