Ana xolos: Tramp nufuzli xalqaro tashkilotga ultimatum qo‘ydi
Vashington agar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 30 kun ichida AQSh talab qilayotgan islohotlarni amalga oshirmasa, tashkilotni moliyalashtirishni butunlay to‘xtatadi va a’zoligini qayta ko‘rib chiqadi, deyiladi Amerika prezidenti Donald Trampning tashkilot direktori Tedros Adanom Gebreyesusga yozgan maktubida.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati JSSTning koronavirus pandemiyasiga qarshi chorasini muvaffaqiyatsiz deb topgan.
«Mazkur tekshiruv men o‘tgan oylarda ko‘targan ko‘pgina jiddiy xavotirlarni tasdiqladi va JSST javob berishi kerak bo‘lgan boshqa masalalarni yuzaga chiqardi, ayniqsa, JSSTning XXRdan mustaqilligi yo‘qligi xavotirga solmoqda», — deyiladi Trampning «Twiter»da chop etilgan maktubida.
AQSh prezidenti JSSTdan «sezilarli yaxshilanishlarni amalga oshirishni», jumladan, «Xitoydan mustaqil ekanligini namoyon etishini» talab qilmoqda.
«Tizimli xatolaringiz va tashkilotning pandemiyaga qarshi kurashdagi xatolari butun dunyoga haddan tashqari qimmatga tushgani aniq», — deyiladi maktubda.
Tramp, shuningdek, tashkilotni isloh qilish masalasini allaqachon JSST bilan muhokama qila boshlaganini ta’kidladi.
Aprel oyida AQSh prezidenti JSSTni COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi yetarlicha tez chora ko‘rmaganlikda hamda bu haqda keng jamoatchilikni vaqtida xabardor qilmaganlikda ayblab, tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatganini e’lon qilgandi.
Tramp kasallanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqib olgan AQShda pandemiya bilan bog‘liq murakkab vaziyat yuzaga kelgan bir paytda JSSTni tanqid qildi. Shuningdek, prezidentning o‘zi ham pandemiyaga qarshi kurashda zarur chora-tadbirlarni haddan tashqari kechiktirganlikda ayblanmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishini pandemiya bosqichiga yetdi deb e’lon qildi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, kasallanganlar soni qariyb 4,4 million kishini tashkil etmoqda, 300 mingdan ortiq inson vafot etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter