Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon hokimi matbuot kotibi «yozishma»lari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijon hokimi matbuot kotibi «yozishma»lari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ckrinshot

Foto: Sof.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda  Andijon viloyati hokimi matbuot kotibi Mirzohid Botirovga tegishli ekani aytilayotgan yozishmalarning nusxasi (skrinshot) tarqalgani haqida xabar berilgandi.

Yozishmalarda M.Botirov o‘ziga tanish va ancha sinashta bo‘lgan boshqa foydalanuvchi bilan «dildan suhbat» qurgani,  haqorat-u  uyatsiz gaplarga to‘la  virtual muloqotda gap aylanib, blogerlarga taqalgan paytda matbuot kotibi «...osmonga chiqayotgan blogerni joyini ko‘rsatib qo‘ygani»ni alohida ta’kidlab, «15 kunda mulla bo‘lgani»ga urg‘u bergandi. Shuningdek, yozishmalarda  o‘sha bloger «asakalik» ekani, hokim «tiq» degani uchun «tiqilgani» yozib bo‘lmas haqoratlar bilan bayon qilinadi.

O‘sha kuniyoq holat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot  xizmati rasmiy bayonot berib, «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘idan «Yoshlar olami» akkaunti bilan foydalanuvchi Mirzohid Botirovning ushbu akkaunti go‘yoki xakerlik hujumiga uchraganini bildirgandi.

O‘z navbatida, Bosh prokuratura matbuot xizmati ham hokimning matbuot kotibiga tegishli ekani aytilayotgan «noma»lar Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotgani, natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilajagini aytgandi.

Bugunga kelib, o‘rganishlarning dastlabki natijalari ma’lum. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi! Ya’nikim, «...Andijon viloyati hokimi matbuot kotibi M.Botirovga tegishli ekani aytilayotgan yozishmalar yuzasidan tergov-tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi lozimligini hisobga olgan holda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) va 140-moddasi (Haqorat qilish) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda».

Albatta, voqelik bilan bog‘liq har bitta holatga tergov yo‘li bilan aniqlik kiritiladi. Biroq hozirdanoq matbuot kotibining ijtimoiy tarmoqdagi akkaunti go‘yoki «xakerlar hujumiga uchragani» xususidagi iddaolarning tagi puchligi ko‘rinib qolmoqda.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring