Andijonda firma rahbarlari imtiyozli kredit mablag‘larini «tuya qilgan»
Andijon viloyatining Marhamat va Andijon tumanlarida imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoiy ish fosh qilindi.
Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Marhamat tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Z.T» oilaviy korxonasi rahbari K.T. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, hududiy tijorat banki filialidan tikuv dastgohlari va mato sotib olish uchun ajratilgan 8 mlrd so‘m kredit mablag‘lari evaziga shartnomada ko‘rsatilgan uskunalarni olib kelmasdan, ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yilganligi haqida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, juda ko‘p miqdordagi kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Andijon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «B.k», «G-M» va «B.B» MChJlar rahbari G.M. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, AT «Xalq banki» Kuygan-yor filialidan ushbu MChJlarga ajratilgan jami 2,2 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga sotib olingan ishlab chiqarish dastgohlari va qishloq xo‘jaligi texnikalarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘ymasdan, boshqa shaxslarga sotib yuborib, imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter