Andijonda IIB xodimini haqoratlab, o‘z-o‘ziga jarohat yetkazgan qoidabuzar javobgarlikka tortildi

Andijon shahrida fuqaro B.S. kechki vaqtda mast holda baqirib, odamlar osoyishtaligini buzayotganida profilaktika inspektori uni tinchlantirishga harakat qiladi. Xizmat xonasiga taklif etganida faol qarshilik ko‘rsatadi.
Profilaktika inspektori o‘z telefoniga olingan tasvirlarda xonaga olib kirilgan mast fuqaroning baqirayotgani, huquq tartibot idorasi vakilini uyatli so‘zlar bilan so‘kayotgani, badanining turli joylariga piska bilan jarohatlagani aks etgan.
Respublika IIV matbuot xizmatiga ko‘ra, 11 aprel kuni Andijon viloyati ma’muriy sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik holati yuzasidan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 10 aprel kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgan B.S. karantinli, inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joyida niqobsiz yurgan. Uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini buzgan. O‘ziga-o‘zi badanining turli qismlariga o‘tkir kesuvchi jism bilan tan jarohati yetkazib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan mayda bezorilik qilgan. Ichki ishlar organi xodimlarining huquqbuzarlikni to‘xtatish va ichki ishlar organiga borish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.
Sud ma’muriy ish hujjatlarini o‘rganib chiqib, MJtKning 54-moddasi 1-qismi bilan 892 ming so‘m, 194-moddasi 1-qismi bilan 446 ming so‘m jarima hamda 183-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Shuningdek, qabul qilish muassasasi foydasiga ma’muriy qamoqning har bir kuni uchun bazaviy hisoblashning 15 foizi miqdorida qamoq xarajatlari undiriladigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter