Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda tug‘ruqxonalargacha qalbaki dori yetkazgan guruh aniqlandi

Andijonda tug‘ruqxonalargacha qalbaki dori yetkazgan guruh aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, sifati kafolatlanmagan hamda qalbaki tibbiyot dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Xususan, Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro boshqaruvidagi «BYD» rusumli avtomashina Andijon shahridagi «Yangibozor» savdo majmuasi oldida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 171 quti «Ferrouz» nomli dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadonida jami 5593 qutida 8 xil turdagi qalbaki dori vositalari va ularni qadoqlashda foydalaniladigan bo‘sh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yo‘riqnoma va yorliqlari borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan 3 nafar fuqaroning yashash xonadonlari hamda ularga tegishli bo‘lgan manzillarda ham ko‘p miqdordagi qalbaki dori vositalari borligi aniqlandi.

Olib borilgan tezkor-tintuv tadbirlari natijasida umumiy qiymati 700 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan, jami 14 turdagi 10686 dona dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mazkur shaxslar o‘zaro kelishgan holda yashash xonadonlarida qalbaki dori vositalarini tayyorlab, kelgusida sotish maqsadida Andijon shahridagi tug‘ruqxonalar, shifoxonalar, xususiy klinikalar hamda Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib berishgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 5000 qutidan ortiq qalbaki dori vositalari qaytarib olinib, aholi orasida tarqalishining oldi olindi.

Boshqa holatda esa Andijon shahrida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarini Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridagi dorixonalarga yuborayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, ushbu shaxsning yashash xonadonida o‘rnatilgan talablar darajasida saqlanmayotgan, umumiy qiymati 250 mln. so‘m bo‘lgan 5000 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda qadoqlashda foydalaniladigan bo‘sh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yo‘riqnoma va yorliqlari borligi ma’lum bo‘ldi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring