Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijondagi markaziy ichimlik suvi quvurining yorilishi sababi aytildi

Andijondagi markaziy ichimlik suvi quvurining yorilishi sababi aytildi

Foto: «O‘zsuvta’minot» AJ

2021-yil 9-yanvar kuni Andijon shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi, diametri 1400 mm. bo‘lgan «Xonobod-Andijon» markaziy ichimlik suvi quvurining suv taqsimlash zulfini (zadvijka) ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida yorilib, favqulodda nosozlik yuzaga kelgan. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu holat tufayli Andijon shahri, Oltinko‘l va Andijon tumanining 20 dan ortiq mahallalarida suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

Qayd etilishicha, holatni bartaraf etish maqsadida Andijon viloyati hokimligi, «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyati va «Andijon suv ta’minoti» MChJ tomonidan tezkor chora-tadbirlar belgilanib, maxsus shtab tashkil qilingan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi, «Elektr tarmoqlari korxonasi», «Hududgazta’minot», Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, Avtomobil yo‘llari boshqarmasi, tibbiyot va boshqa tashkilotlarning 120 nafar xodimi hamda 15 ta maxsus texnika jalb etilgan.

Andijon shahri va tumani aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Jalaquduq tumanida joylashgan «Paxtakor» yerosti suv olish inshooti orqali Andijon shahrida yashovchi aholining 35 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.

Shuningdek, qo‘shimcha ravishda 60 dona maxsus suv tashish transport vositalari va 150 nafar ishchi-xodim jalb etilib, Andijon shahar va tumanining suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan hududlaridagi aholiga ichimlik suvi yetkazib berilayotgani ta’kidlanadi.

Yuzaga kelgan favquloddagi nosozlik 11-yanvar kuni to‘liq bartaraf etilib, aholining ichimlik suvi ta’minoti 12-yanvar kuni yo‘lga qo‘yiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 11-yanvar kuni Namangan shahridagi ichimlik suvi ta’minotida ham nosozlik yuzaga kelgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring