Andijonning ikki manzilida qiymati 13 mlrd so‘m bo‘lgan tunnel quriladi
Andijon shahri Bobur shohko‘chasida joylashgan chorrahada umumiy qiymati 8 mlrd 215 mln so‘mga teng yer osti o‘tish yo‘li quriladi. Mazkur tunnelning uzunligi 60 metr, eni 4 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Bu haqda Andijon viloyati YHXB bo‘lim boshlig‘i Saydullo Dadaboyev OAV vakillari uchun tashkil qilingan press-turda ma’lum qildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, mazkur chorrahadan bir sutkada 35 mingdan ziyod transport vositasi, 82 ming nafarga yaqin piyoda o‘tadi. Kunning asosiy qismi – ertalab 7.00 dan kech 19.00 gacha tirbandlik juda yuqori bo‘ladi. Birgina o‘tgan 2023-yil davomida mazkur chorrahada piyodalar ishtirokida 23 ta yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelgan. Buning natijasida 5 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, 27 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
«Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan mazkur chorrahada yer osti o‘tish yo‘lini qurish bo‘yicha taklif va loyiha ishlab chiqilib, hokimlik hamda tegishli tashkilotlarga taqdim etildi», – deydi u.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Xo‘jaobod tumani «Dehqon bozori» atrofida yuzaga kelayotgan tirbandliklar, mazkur hududda barpo etilayotgan yer osti o‘tish yo‘li qurilishi bilan ham tanishdilar.
Ayni kunda mazkur hududda umumiy qiymati 4 mlrd 950 mln so‘mga teng loyiha doirasida uzunligi 30 metr, eni 4 metr bo‘lgan yer osti o‘tish yo‘li qurilishi olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, Xo‘jaoboddagi bozor yonidan o‘tuvchi «Andijon – O‘sh» magistral avtomobil yo‘lidan bir sutkada 80 mingdan ortiq piyoda hamda 35 mingdan ortiq transport vositasi o‘tadi. Mazkur yo‘l atrofi va yaqinida 100 ga yaqin savdo, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy soha ob’yekti faoliyat olib boradi. Yo‘lning bozor hududidagi qismida o‘tgan yili yuz bergan yo‘l-transport hodisalari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan, 12 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter