Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Isroilga 6 mlrd dollarlik qurol sotishni rejalagani oshkor bo‘ldi

AQSh Isroilga 6 mlrd dollarlik qurol sotishni rejalagani oshkor bo‘ldi

Foto: AP

Tramp ma’muriyati Isroilga qariyb 6 milliard dollarlik qurol sotish uchun Kongressdan ruxsat olishga harakat qilmoqda.

Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi. Paketga qiymati 3,8 milliard dollarlik 30 dona AH-64 Apache vertolyotlari, shuningdek, 1,9 milliard dollarlik 3250 ta piyoda jangovar mashinalari kiradi. Biroq, WSJ manbalarining aniqlik kiritishicha, bu jihozlarning barchasi yaqin ikki-uch yil ichida Isroilga yetkazilmaydi. 

 Nashr tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlarga ko‘ra, qurol sotib olish AQShning xorijiy davlatlarga ko‘rsatayotgan harbiy yordam fondlari hisobidan moliyalashtiriladi. Isroil o‘zining Amerika qurollarining asosiy qismini har yili harbiy yordam orqali beriladigan AQSh soliq to‘lovchilari mablag‘lari hisobidan sotib oladi. 

AQSh Davlat departamenti hozirda Vakillar palatasi va Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasidagi to‘rtta yetakchi respublikachi va demokrat arboblardan loyihani tasdiqlashni talab qilmoqda, deya xabar beradi nashr manbalari. Odatda, yirik xorijiy qurol-yarog‘ bitimlari dastlab ushbu ikki qo‘mita rahbarlari tomonidan tasdiqlanadi, shundan so‘ng ma’muriyat AQSh Kongressi va jamoatchilikni xabardor qiladi. 

Taklif etilayotgan loyiha dastlab qo‘mita rahbarlariga taxminan bir oy oldin, Isroilning 9 sentyabr kuni Qatardagi HAMAS yetakchilariga qarshi zarbasidan oldin yuborilgan edi. Bu voqealardan keyin ikkinchi so‘rov berildi. AQSh Davlat departamenti va Isroil Mudofaa vazirligi OAVga bu borada izoh berishdan bosh tortgan. Oq uy izoh so‘rovlariga javob bermadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring