AQSh Isroilning yana bir tanqidchisi “og‘zini yummoqda”

AQSh hukumati BMTning Falastinda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albanezeni “qora ro‘yxat”ga kiritdi. Vashingtonning ushbu harakati inson huquqlari tashkilotlari tomonidan “haqiqatni aytib kelayotgan insonning og‘zini yumishga urinish” deb baholandi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida BMT maxsus ma’ruzachisi Francheska Albanezega qarshi sanksiya joriy etayotganini ma’lum qilgan. Rubioga ko‘ra, Albaneze Xalqaro jinoyat sudi tomonidan AQSh, Isroil amaldorlari hamda kompaniyalariga nisbatan choralar ko‘rish yo‘lida “noqonuniy va sharmandali harakatlar” sodir etilgan.
Davlat departamenti tarqatgan bayonotda ham Francheska Albaneze “ochiq antisemitizmni namoyon etish”, “terrorizmni qo‘llab-quvvatlash”, shuningdek, “AQSh va Isroilga nafrat”da ayblangan.
Joriy yil 1 iyul kuni AQSh hukumati BMTga maktub yo‘llab, maxsus ma’ruzachi Francheska Albanezeni ishdan bo‘shatishni talab qilgan edi.
Vashington tomonidan maxsus ma’ruzachiga sanksiya joriy etilishi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning AQShga safari paytiga to‘g‘ri keldi.
Human Rights Watch xalqaro tashkiloti BMT maxsus ma’ruzachisiga nisbatan jazo chorasi qo‘llanishini qoraladi. Tashkilotning xalqaro adolat bo‘yicha direktori Liz Evensonning fikricha, AQSh hukumatining ushbu qarori “Isroilning falastinliklarga nisbatan sodir etayotgan qonunbuzarliklari haqida haqiqatni baralla aytayotgan maxsus ma’ruzachining og‘zini yumishga qaratilgan harakatdir”.
“BMTga a’zo davlatlar va Xalqaro jinoyat sudi AQSh hukumatining dunyodagi eng dahshatli jinoyatlar yuzasidan adolatni qaror toptirishga qarshi qaratilgan sharmandalarcha urinishlariga qat’iy e’tiroz bildirishi
hamda Albanezega nisbatan asossiz sanksiyani qoralashi lozim”, – deydi HRW vakili Liz Evenson.
AQSh joriy yil fevral oyida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni G‘azodagi jinoyatlari sabab hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoyat sudiga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro huquq me’yorlari va inson huquqlarini himoya qilish tizimi me’morlaridan biri bo‘lgan, so‘nggi yillarda o‘zini demokratiya yalovbardori deya tamsil etib kelgan AQShning bu tariqa o‘zi joriy etgan tizimga qarshi chiqayotgani ikkiyoqlama standart deb baholanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: BMTning Falastinda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze Isroilni Falastin yerlarida genotsid sodir etishda ayblab keladi.
Maxsus vakilga ko‘ra, ayni paytda nafaqat G‘azoda, balki Isroil okkupatsiyasi ostidagi G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ham falastinliklar zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. Falastin yerlarida kuzatilayotgan holat esa etnik tozalash va ayirmachilik siyosati deb baholanmoqda. Shunga ko‘ra u Isroilning BMTdagi a’zoligini qayta ko‘rib chiqish yoki muvaqqat ravishda to‘xtatib turishni tavsiya qilgan.
Maxsus ma’ruzachi xalqaro huquqqa zid harakatlaridan ko‘z yumgan holda Isroilni qurol-aslaha va boshqa yo‘llar bilan dastaklab kelayotgan G‘arb davlatlarini ham tanqid qilib keladi.
Francheska Albaneze joriy yil iyun oyida chop etgan hisobotida AQShning Microsoft, Alphabet, Amazon, Palantir kabi kompaniyalarini Isroilning okkupatsiya siyosatiga ko‘mak ko‘rsatishda ayblagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter