Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Argentina-78 qahramoni – Kempes

Argentina-78 qahramoni – Kempes

«Xabar.uz» o‘tmish afsonalarini eslashda davom etadi. Bu safar 1978-yilgi Argentina mundiali qahramoni Mario Kempes hayoti va faoliyati haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Mario 1954-yilning 15-iyulida Argentinaning Bell Villi shaharchasida futbolsevar oilada dunyoga keladi. Havaskorlar jamoasida to‘p tepib yurgan otasi o‘g‘lini professional futbolchi bo‘lishini istab, 7 yoshligida shaharchadagi «Talleres» bolalar klubiga beradi. Qahramonimiz juda ziyrak, to‘pni ajoyib boshqarishi va kuchli zarbasi bilan ajralib turadi. 14 yoshida mamlakatning katta shaharlaridan biri bo‘lgan Kordova shahri «Instituto» jamoasi seleksionerlari nazariga tushib, jamoaga olib kelinadi. U yerda dastlab yoshlar jamoasida o‘ynagandan so‘ng 1973-yilda asosiy jamoada debyut qiladi. 13 o‘yinda 11 ta gol urgan Marioni bir yildan so‘ng yanada kattaroq jamoa «Rosario Sentral» o‘z safiga qo‘shib oladi.

U yerdagi ikki yillik faoliyatida 107 o‘yinda 89 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. So‘ng ko‘hna qit’a sari yo‘l oladi. Faoliyatining keyingi 5 yilini Ispaniyaning «Valensiya» klubida o‘tkazadi. U yerda 1979 yili jamoa bilan Ispaniya kubogida zafar quchadi. 1980-yili esa o‘sha paytlar faqat mamlakatlar kubok sohiblari ishtirok etadigan Kubok Egalari kubogida g‘olib bo‘ladi.

1981-yilda Kempes yana o‘z vataniga qarab yo‘l oladi. Mamlakatning bayroqdor jamoalaridan biri «River Pleyt» safiga o‘sha paytlarda  katta pul hisoblangan 1 million funt sterling evaziga ko‘chib o‘tadi. Ona vatanida bir yil to‘p surib, yana o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Valensiya»ga qaytadi. «Ko‘rshapalaklar» safida ikki mavsum to‘p tepgach, faoliyatida pasayish bo‘ladi va La liganing autsayder jamoalaridan biri «Erkules Alikante» safiga o‘tadi. Ushbu jamoada ham ikki mavsum to‘p tepib, jami 38 o‘yinda 10 ta gol kiritgan.

Karerasining mantiqiy yakuni ham ushbu jamoada bo‘ladi. Faoliyatining so‘ngi yillarida hujumchi Avstriya, Chili va Indoneziya chempionatlarida o‘ynagan. Klublardagi faoliyati davomida hammasi bo‘lib 591 o‘yinda maydonga tushib, raqiblari darvozasini 320 bor ishg‘ol qiladi.

Terma jamoada

1973-yilning sentyabr oyida Argentinaning Boliviyaga qarshi uchrashuviga bosh murabbiy Enrike Omar Sivori ko‘plab yosh futbolchilarni terma jamoaga chaqiradi. Ushbu uchrashuvda Kempes «albeseleste» safida debyut qiladi. Boliviya tog‘li hududida bo‘lgan uchrashuvda yosh futbolchilar kislorod yetishmovchiligidan qiynaladi, biroq yakunda baribir yagona gol evaziga g‘alaba qozonadi.

Germaniya mezbonlik qilgan 1974-yilgi mundial Kempes va Argentina uchun muvaffaqiyatsiz kechadi. Jamoa ikkinchi bosqichda 1 ochko bilan guruhda so‘ngi o‘rinni band etib, uyga qaytadi.

1978-yilgi mundial «kumushli o‘lka» va dunyo futbolida katta tarix sifatida qoldi. Argentina o‘zi mezbonlik qilgan turnirning birinchi bosqichda Italiya, Fransiya va Vengriya bilan bir guruhdan joy oladi va Italiyadan so‘ng ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqadi.

Biroq, bu bahslar Mario uchun omadsiz o‘tib, birorta gol ura olmaydi. Ammo ikkinchi bosqichda Peru va Polsha darvozasiga, finalda Niderlandiya darvoziga dubl yo‘llab, 6 ta gol bilan musobaqa to‘purari va eng yaxshi o‘yinchisiga aylanadi. Argentina esa tarixda ilk bora Jahon chempionligini qo‘lga kiritadi.

Keyinchalik o‘sha paytdagi jamoa bosh murabbiyi Sesar Luis Menotti Kempesning birinchi bosqichdagi muvaffaqiyatsizligini shunday eslaydi: «Men Marioga mo‘ylovini olishini maslahat berib, omadsizlik sababi shunda ekanini aytdim. Shunda u hazilimga g‘alati tarzda ishondi va mo‘ylovini oldi. Shundan keyin u qolgan 4 o‘yinda oltita gol urishga muvaffaq bo‘ldi». O‘yin tugagach, darhol Mario oilasini ko‘rishga ruxsat olib, 300 km uzoqlikdagi Rosarioga bilet oladi.

Shunday qilib, Marioning faoliyatidagi eng muhim kun mana shunday yakunlanadi.

1982-yilgi Ispaniyadagi Jahon chempionatiga Argentina favoritlardan biri sifatida keladi. Belgiyaga qarshi shov-shuvli mag‘lubiyatdan (0:1) so‘ng jamoa ikkita g‘alaba qozonib, ikkinchi guruh bosqichiga chiqadi, ammo Italiya va Braziliyaga mag‘lub bo‘ladi va finalga chiqa olmaydi.

Kempes 1974-yilgi birinchi mundialda bo‘lgani kabi yana mundialni golsiz o‘tkazdi. Mundialdagi Braziliyaga qarshi o‘yin Marioning «albeseleste» tarkibidagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qoldi. Milliy jamoadagi 11 yillik karerasida 43 o‘yinda maydonga tushgan va 20 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Butsasini mixga ilgandan so‘ng u murabbiylikka qo‘l urdi, biroq bu futbolchilik faoliyati singari yorqin bo‘lmadi. Kempes Albaniya, Indoneziya, Kolumbiya va Boliviya klublarini boshqargan va birorta ko‘zga ko‘rinarli natija qayd etmagan. Birgina «Valensiya»da yordamchi murabbiy sifatida ishlagani uning murabbiylik faoliyatidagi cho‘qqi bo‘lib qolgan.

Murabbiylikdagi karerasi o‘xshamagach ESPN nashrining ispan tilidagi tahlilchisi bo‘lib faoliyat yuritgan. Afsona hozirgi kunda turli futbol tadbirlarida qatnashib keladi.

Mario futbol sharhida ham o‘zini sinab ko‘rgan, biroq 2008 yili «Manchester Yunayted – Barselona» ishtirokidagi Chempionlar ligasi yarim finali doirasida kechgan o‘yin sharhidan so‘ng muhlislar tomonidan keskin tanqidga uchragan. Sababi sharh davomida qoidabuzarliklarni ochiqcha qo‘llab, feyr-pley tamoyillariga rioya qilganlarni qoralagan.

Erishgan yutuqlari

  • FIFA Jahon chempioni 1978
  • UYeFA Kubok egalari kubogi 1979-80
  • UYeFA Superkubogi 1980
  • Ispaniya Kubogi 1978-79
  • Argentina chempioni 1981

Asosiy individual yutuqlari

  • Jahon chempionati oltin to‘pi sohibi 1978
  • Jahon chempionati oltin butsasi sohibi 1978
  • UYeFA Kubok egalari kubogi to‘purari 1979-80

Shuningdek, Kempes 2004 yil FIFAning 125 yilligini nishonlash doirasida barcha davrlarning 100 ta eng buyuk futbolchilari qatoridan joy olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring