Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Armanistonda hokimiyatni egallashga uringan guruh ushlandi

Armanistonda hokimiyatni egallashga uringan guruh ushlandi

Armanistonda hokimiyatni egallashga intilgan “Muqaddas kurash” harakati a’zolariga nisbatan jinoiy ish ochildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular terrorchilik xurujlarini amalga oshirish va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rishgan.

Jinoiy ish doirasida mamlakat politsiyasi va Tergov qo‘mitasi 90 dan ortiq tintuv o‘tkazdi va 14 kishini qo‘lga oldi, deya xabar berdi Armaniston Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati. 

Tintuvlar davomida o‘qotar qurollar, operatsiya rejalari, chaqiriluvchilar ro‘yxati, portlovchi moddalar, tutunli granatalar, guruhning noqonuniy faoliyati batafsil tavsiflangan hujjatlar va boshqa “inkor etib bo‘lmaydigan dalillar” topildi. 

Tergov qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, 16 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Hibsga olinganlar orasida “Muqaddas kurash” muxolifat harakati yetakchisi, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan ham bor. Tintuvlar uning uyida, tarafdorlari va boshqa muxolifatchilarning uylarida o‘tkazilgan. Ular orasida Armaniston, Dashnaktsutyun, Echmiadzin fraksiyalari deputatlari va “Muqaddas kurash” tarafdorlari bor. 

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan huquq-tartibot idoralari “jinoiy oligarxik ruhoniylar”ning mamlakatni beqarorlashtirishga qaratilgan “keng ko‘lamli va mash’um” rejasini barbod qilganini aytdi.

O‘tgan bahorda Bagrat Galstanyan hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga boshchilik qilgan va bosh vazir lavozimini egallashga tayyorligini bildirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring