Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Armaniston yana Moskvaning “jig‘iga tegdi”

Armaniston yana Moskvaning “jig‘iga tegdi”

Yerevan Moskvani ittifoqchilik majburiyatini bajarmaslikda ayblamoqda.

Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) Bishkekdagi muhim uchrashuvida qatnashishdan bosh tortdi. Tahlilchilar Yerevan bu qarori bilan yana bir karra Moskvaning jig‘iga tekkanini aytmoqda

E’tiborga molik jihati, KXShT yig‘iniga bormaslikni ma’qul ko‘rgan Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Yerevanda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bilan uchrashgan. YeI Armanistonga 270 million yevro ajratish niyatini bildirgan.

K.Kallasni qabul qilgan Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan mamlakat demokratiya yo‘liga o‘tgan va YeI bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratishini ta’kidlagan.

Armaniston uchinchi yilki, Rossiya shamsiyasi ostida ekani aytiladigan KXShT yig‘ilishlarida qatnashmay kelmoqda.

Ma’lumki, Ozarbayjon 2020 yil senyatbr oyidagi janglarda xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq o‘ziga tegishli bo‘lgan Qorabog‘ hududini Yerevandan qaytarib oldi. 2023 yili Boku Qorabog‘da uzil-kesil nazorat o‘rnatdi. Rasmiy Yerevan KXShT ushbu urushga aralashmaganidan norozi bo‘lib kelmoqda.

2024 yil fevral oyida Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan KXShTni sustkashlikda ayblab, mamlakatning mazkur tuzilmadagi ishtirokini “muzlatib qo‘ydi”.

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi mudofaa va harbiy-texnika sohalarida Armanistonning asosiy hamkori bo‘la olmaydi.

Moskva bilan munosabatlar taranglashuvi fonida Yerevan G‘arb tomon yuz burmoqda.

2024 yil iyul oyida Armanistonda AQSh bilan hamkorlikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Tahlilchilar Yerevanning Vashington bilan hamkorlikdagi harbiy o‘quv tadbiri “Rossiyani xafa qiluvchi qadam” bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

Munosabatlar sovuqlashuvi ortidan Armaniston poytaxti Yerevan shahridagi “Zvartnots” xalqaro aeroportida 32 yil davomida xizmat o‘tagan Rossiya chegarachilari ham o‘z uyiga qaytarilgan.

Rossiya esa Armanistonni o‘z orbitasidan chiqarib yubormaslikka zo‘r berib urinmoqda. So‘nggi hodisalarga munosabat bildirgan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva hali-hamon Armanistonni KXShT a’zosi deb bilishini ta’kidlagan. Peskov fikricha, KXShTga a’zolik Armaniston uchun manfaatli ekaniga shubha yo‘q.

Darvoqe, Armaniston Rossiyadan Ozarbayjon sabab xafalashib yurgan bir vaqtda Boku va Moskva munosabatlarida ham taranglik kuchaymoqda

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring