«Asr falokati»ni boshidan o‘tkazgan shahar — Xabar.uz Qahramonmarashda (foto)
Bundan bir yil oldin qardosh Turkiyada kuchli zilzila sodir bo‘lgandi. Asr falokati, deya nomlangan bu ofat natijasida ko‘plab insonlar nobud bo‘lgan, uylar, inshootlar vayronaga aylangandi.
O‘tgan davrda zilzila oqibatlari bartaraf etildi, uylar, ma’muriy binolar qurildi va qurilmoqda.
9 fevral kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi kommunikatsiyalar boshqarmasi mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan OAV vakillari uchun Turkiyaga press-tur uyushtirdi.
Xizmat safarida xabar.uz vakili ham qatnashmoqda. Maqsad zilziladan keyingi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish va shu asosda materiallar tayyorlash.
Press-tur davomida jurnalistlar Turkiyaning Qahramonmarash, Adiyaman va Malatya viloyatlariga borib, jarayonlarni kuzatishadi. Dastlabki manzil — Qahramonmarash viloyati bo‘ldi.
Qahramonmarash
Toshkentdan uchgan samolyot to‘rt soat deganda Istanbulga qo‘ndi. So‘ngra OAV vakillari Qahramonmarash tomon samolyotda bir yarim soatlik masofani bosib o‘tishdi.
Dastlab jurnalistlarning Qahramonmarash viloyati gubernatori Mukerrem Unluyer va boshqa mutassadilar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz, o‘zbekistonlik jurnalistlardan tashqari bu safarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi OAV vakillari ham qatnashishmoqda.
Gubernatorning ta’kidlashicha, Qahramonmarashda o‘sha tahlikali kunda ikkita — 7,7 va 7,6 balli kuchli zilzila ro‘y bergan. Bundan tashqari, kichik balli zilzilalar o‘sha davrda muntazam sodir bo‘lib turgan. Ana shu talafotda 12500 kishi nobud bo‘lgan. Viloyatda 1 million 170 ming kishi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning 25 foizi bir kunda uy-joyidan ayrilgan.
Vaziyat o‘rganilib, viloyatda uysiz qolganlar uchun 200 mingta metall karkasli konteyner va 165 mingdan ziyod chodirlar o‘rnatildi. Aholi zarur infratuzilma, oziq-ovqat, toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, o‘quvchilar uchun sinfxonalarga moslashtirilgan konteynerlardan iborat maktablar tashkil qilindi. Kutubxonalar, to‘garak mashg‘ulotlari uchun maxsus xonalar, sport maydonchalari, abituriyentlarni oliy o‘quv yurtiga tayyorlaydigan binolar barpo etildi.
Hozirda viloyat miqyosida 9300ta xonadon topshirilgan, yil oxiriga qadar 30 mingta xonadon muhtojlarga berilishi ko‘zda tutilgan.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Tayfur Temur bunday ofat hech kimni boshiga tushmasin, dedi uchrashuvda, Xulosamiz shuki, bu kabi kutilmagan ofatlarga qarshi aholining tayyorgarligini muntazam tayyorlab borish kerak.
Shuningdek, Tayfur Temur qiyin vaziyatda qo‘llagan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston davlatlariga alohida tashakkur bildirdi.
Yaqinlarini yo‘qotgan, talofat natijasida ruhiy qo‘rquv ta’sirga tushganlar bilan ekspertlar, psixologlar, din vakillari ish olib borishgan.
Jurnalistlar yangi bunyod etilgan kvartiralar va vaqtincha tayyorlangan konteynerlarni borib ko‘rishdi, ularda istiqomat qilayotgan aholi bilan muloqotda bo‘lishdi.
Bugun OAV vakillari Adiyaman viloyatida bo‘lishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter