«Avtomaktablarda o‘qish muddati nega uzaytirildi?.. » – mutaxassis bilan shu va boshqalar haqida
So‘ngi vaqtlarda haydovchilik guvohnomasini olish bilan bog‘liq katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bu esa jamoatchilik faollari o‘rtasida turli bahs-munozaralarga – tanqid va qo‘llovlarga sabab bo‘lgani ham rost.
Xabar.uz mazkur o‘zgarishlar borasida izoh va fikr olish maqsadida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis, avtobloger Abdulaziz Obidjonovni suhbatga tortdi.
– Haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktablarda o‘qish muddati 6 oy qilib belgilangani qanchalik haqiqatga yaqin?
– Bu hozirda muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzu. Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori va amaldagi 408-sonli qarorga o‘zgartirish kiritildi. Avvalgi qarorda haftasiga o‘quv yuklamasi 36 soat etib belgilangan edi. Qaror bilan bu 20 soatga qisqatirildi. Avtomaktablarda avval 5 kunlik o‘qish bo‘lgan bo‘lsa, endi 3 kun dars bo‘ladi. Bunday qarorga kelinishining asosiy sababi shundaki, haydovchilik guvohnomasini olishga ko‘proq 18-35 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar qiziqish bildirmoqda. Haydovchilikka nomzod oliy o‘quv yurtida tahsil oladi yoki ishlaydi. Shulardan kelib chiqib ham bu qaror ishlab chiqildi.
– «B» toifa uchun o‘qish muddati qancha etib belgilandi?
– Yengil avtomobil haydovchilari uchun o‘qish muddati 4 oy 20 kun etib belgilandi. Avtomaktab o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, bu muddatni o‘zgartirishi ham mumkin. Ammo yangi tartib bo‘yicha minimal o‘qish muddati 4 oyni tashkil etadi.
– O‘qish muddatining uzaytirilishi o‘qish narxiga ta’sir ko‘rsatadimi?
– Yangi yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha avtomaktabdagi barcha o‘quv mashinalarini GPS qurilmasi bilan jihozlash lozim bo‘ladi. Bu o‘quvchi belgilangan masofani bosib o‘tayotganini aniqlab beradi. Ikkinchidan, avtomaktablardagi pedagog kadrlar oliy ma’lumotli bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yildi. Uchinchidan esa o‘rgatuvchi avtotransport sohasini tugatgan o‘rta yoki oliy ma’lumotli bo‘lishi lozimligi qat’iy belgilandi. Qancha talab kuchaygani sari o‘z-o‘zidan narxga ta’sir qiladi.
– Hozirgi kunda haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon ikki xil tarzda topshirilmoqda. Bu albatta, qo‘shimcha xarajat degani. Shuni bir tizimga solishning imkoni yo‘qmi?
– Amaliy imtihonning ham nazariyning ham o‘z o‘rni bor. Xorijiy davlatlarda ham ikkalasidan imtihon topshiradi. Nazariy bilimga ega bo‘lgan haydovchi chorrahalar, yo‘llarning ko‘rinishi, kengligini bilgan holda harakatlanadi. Amaliy imtihonsiz esa avtohalokatlar soni ortadi. Inson omilini kamaytirish maqsadida avtomatlashtirilgan imtihon markazlari paydo bo‘lmoqda. Yaxshi bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan haydovchi imtihondan o‘tishda qiyinchilikka uchramaydi.
– Haydovchilik guvohnomasini olish tartibi o‘zgargandan keyin korrupsiya holatlari kamaydimi?
– Yangi tartib joriy qilingandan keyin guvohnoma olishga talabgorlar soni kamaydi. Imtihondan o‘tish qiyin bo‘lgani uchun havasga yoki maqtanish maqsadida o‘qiydiganlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib bormoqda. Haydovchilik guvohnomasi zarur, o‘ziga ishonchi yuqori bo‘lganlar bilim olishga kelmoqda. Bundan kelib chiqadiki, saviyali haydovchilar soni ortmoqda.
Suhbatning to‘liq variantini quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Amira MURODOVA suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter