Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtomobil yo‘llari bo‘yida AYoQSh qurishga ruxsatnomani qanday olish mumkin?

Avtomobil yo‘llari bo‘yida AYoQSh qurishga ruxsatnomani qanday olish mumkin?

Vazirlar Mahkamasining 1.03.2021 yildagi «Avtomobil yo‘llarini, yo‘l inshootlarini, temir yo‘l kesishmalarini, avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘yida joylashgan AYoQS, AGTKS va AGQS (avtomobillarga benzin quyish, gaz to‘ldirish va gaz quyish) stansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash loyihalarini kelishish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 111-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Hujjat Prezidentning 24.08.2020 yildagi «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6044-son Farmoniga muvofiq qabul qilindi.

Ma’muriy reglamentda tadbirkorlik sub’yektlari mazkur davlat xizmatlaridan foydalanish uchun faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi belgilangan.

Mazkur Reglament quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • aholi yashash mavzelari, dahalari va yopiq ob’yektlarning ichki hududlaridagi ob’yektlar;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiriladigan dalalar, ekin maydonlarining ichki hududlaridagi ob’yektlar;
  • yo‘l harakati qatnashchilarining yo‘lning qatnov qismida erkin harakatlanishiga xalaqit qilmaydigan qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib boriladigan har qanday ob’yektlar.

Davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan ko‘rsatiladi.

Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari ushbu Reglamentga ilovada berilgan sxema bo‘yicha ko‘rsatiladi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun BHMning 30%i miqdorida yig‘im undiriladi. Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun YaIDXP orqali murojaat etilganda, Reglamentda belgilangan yig‘im summasining 90 foizi undiriladi.

Reglamentda Davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali murojaat etilganda undiriladigan yig‘im summasini taqsimlash tartibi belgilangan.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.03.2021 yildan kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring