Avtomototransportlar uchun davlat raqami berish tartibi soddalashtiriladi

«Avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori qabul qilindi (562-son, 04.09.2025).
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:
- avtotransportlar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berishda «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ axborot tizimida auksion o‘tkazish tartibi;
- avtotransportlar uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berish tartibi.
2026-yil 1-yanvardan avtomototransportlar uchun istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilari yagona oshirilgan to‘lov evaziga shaxslarning elektron murojaatiga asosan beriladi.
Shaxslar yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini quyidagi tizimlar orqali tanlab oladi:
- ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘linmalarida joylashgan infokiosklar;
- Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining (YHXX) mobil ilovasi;
- YHXXning rasmiy veb-sayti;
- YIDXP (my.gov.uz).
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida hududlarning kod raqami doirasida barcha toifadagi davlat raqami belgilari (oldin berilgan yoki foydalanishda bo‘lganlardan tashqari) joylashtiriladi.
Avvalroq Hukumatning xuddi shu qarori asosida O‘zbekistonda ismni mashinaga raqam qilib qo‘yish mumkin bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter