Ayrim shartlar evaziga soliqdan katta imtiyozlar beriladi
Senatning elliginchi yalpi majlisida «Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga tadbirkorlik sub’yektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishini, shuningdek yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Kodeksda ko‘zda tutilgan qo‘shilgan qiymat, foyda solig‘i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari barcha soliqlarni ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda. Jumladan:
- 51 tadan 100 gacha yangi ish o‘rin yaratilganda – uch oygacha;
- 101 tadan 200 gacha yangi ish o‘rin yaratilganda – olti oygacha;
- 200 tadan ortiq yangi ish o‘rin yaratilganda – o‘n ikki oygacha, etib ifodalandi.
Shuningdek, «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» Dasturi doirasida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz berilmoqda. Bunda, soliq imtiyozi miqdori, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yangi ish o‘rinlar sonidan kelib chiqib quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
- 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;
- 101 dan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;
- 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganda esa – ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.
Korxona ishga qabul qilingan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bir baravaridan kam bo‘lmagan ish haqini to‘lab, bandligini ta’minlashi kerak.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter