Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrimlar muvaffaqiyat qozonadi, boshqalar esa yo‘q. Nega?

Ayrimlar muvaffaqiyat qozonadi, boshqalar esa yo‘q. Nega?

Bu masala insoniyat hali g‘orlarda yashash joniga tegib, hayotini shinam qilish uchun yo‘l izlagan ko‘hna davrdan buyon odamlarni qiynab keladi. Balki muvaffaqiyat qozongan hamda omadsizlarning tavsiflarini taqqoslab, bu savolga javob izlab ko‘rarmiz...

Hamma gap shundaki, muvaffaqiyatli kishi nimani istayotganini aniq biladi, uning o‘zi xohlagan rejaga ega bo‘lish qobiliyati bo‘ladi. Vaqtining ko‘p qismini maqsadini amalga oshirishga sarflaydi. Muvaffaqiyatsiz odam esa hayotda aniq maqsadga ega emas, u har qanday muvaffaqiyat haqiqiy yutuq tufayli yuzaga keladi, deb ishonadi va bu ishni bajarishga majbur bo‘lgan vaqtidagina tashabbus ko‘rsatadi.

Muvaffaqiyatli kishi abjir savdo xodimi sifatida hamkorlikdagi maqsadlarini yuzaga chiqarish uchun do‘stona tarzda boshqalarga ta’sir etish san’atini egallagan bo‘ladi. Muvaffaqiyatsiz inson esa, odamlar bilan munosabat o‘rnatishda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, maqsadi yo‘lida adashadi va buni tanqidiy yondashyapman, deb tushuntirmoqchi bo‘ladi.

Hayotda muvaffaqiyat qozongan odam gapirishdan oldin yaxshilab o‘ylaydi. So‘zlarini go‘yo tarozida tortib ko‘radi. Odamlarni yaxshi ko‘rishini alohida belgilaydi, ularga nisbatan salbiy munosabatini (antipatiyasini) kam darajada bildiradi yoki umuman namoyon etmaydi. Omadi yurishmagan kishi esa mutlaqo qarama-qarshi tarzda harakat qiladi. U oldin gapiradi, keyin o‘ylaydi. So‘zlari faqat xalaqit beradi yoki afsuslarga sabab bo‘ladi, natijada xuddi shu tufayli keladigan qahr-g‘azab tuzatilmas kamchilikka duchor qiladi.

Muvaffaqiyatli kishilar o‘z fikr-mulohazasini qandaydir axborotga tayangan vaqtda bildiradi, shu bois ularning aytganlari g‘oyat ongli darajada bo‘ladi. Omadsizlar esa o‘zlari kam bilgan yoki hech qanday tushunchaga ega bo‘lmagan narsalar to‘g‘risida gapiradilar, xolos.

Muvaffaqiyat qozongan insonlar vaqtlari, kirim va chiqimlarini hisob-kitob qiladilar. Ular o‘ylab, so‘ng sarflab yashaydilar. Muvaffaqiyatsiz kishilar esa vaqtini behuda sarflab, pullarni ham qiymatiga qaramay, bo‘lar-bo‘lmasga isrof qilaveradi.

Omadli kishi odamlarga katta qiziqish bilan yondashadi, ayniqsa umumiy jihatlari o‘ziga o‘xshash kishilarga nisbatan do‘stona munosabat o‘rnatishga harakat qiladi. Muvaffaqiyatsiz odam esa nimadir kerak bo‘lgan odam bilan do‘stlashadi, xolos.

Muvaffaqiyatli inson har qanday voqea-hodisa hamda barcha odamlarga ochiq-oydin fikrlash va sabr-qanoat bilan yondashadi. Omadsiz kishi esa do‘stona hamkorlik va qulay imkoniyatlarni baholashda xalaqit berayotgan odamlarga nisbatan chegaralash hamda toqatsizlik holatlarini namoyon etadi.

Muvaffaqiyat qozongan kishi hamisha davr bilan hamqadam, u atrofda ro‘y berayotgan hamma narsani, faqat shaxsiy biznesi doirasi va mutaxassisligi yoki hammaslaklari safida emas, balki o‘zi yashayotgan, shu bilan birga butun dunyoda ro‘y berayotgan voqealarni bilishga majburman, deb hisoblaydi. Muvaffaqiyatsiz odamni esa faqat o‘zining bevosita ehtiyojlari qiziqtiradi, ana shunday turli vositalarni qo‘lga kiritib, qoniqish hosil qiladi, ular to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, bu bilan ishi yo‘q.

Muvaffaqiyatli odam o‘zini hamisha hayot tajribalariga moslab boradi. O‘zining egallagan o‘rnini anglaydi. Boshqa odamlarga ko‘rsatadigan xizmat miqdori va sifatiga qarab, bunday muvaffaqiyatdan qoniqish hosil qiladi. U va’da qilingandan ko‘proq xizmat ko‘rsatishni o‘ziga qoida sifatida oladi. Muvaffaqiyatsiz kishi esa doimo nimanidir bepul qo‘lga kiritish payida bo‘ladi. Agar bunga muyassar bo‘lmasa, boshqalarni xasislikda ayblay boshlaydi.

Omadli kishi e’tiqod bilan yashaydi va buni toat-ibodatlari, kishilar manfaati uchun qiladigan ishlarida ifodalaydi. Omadsiz kishi esa hech narsaga ishonmaydi, u faqat o‘zining qorni, boshpanasini o‘ylaydi va har qanday sharoitda bularni boshqalar hisobiga undirish payida bo‘ladi.

Xullasi kalom, muvaffaqiyat qozongan va muvaffaqiyatsiz kishilarning so‘zlari va ishlari o‘rtasida katta farq bor. O‘zligini saqlay olgan odam muvaffaqiyatlidir, shunday bo‘lib qoling.

Napoleon Xill kitobidan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring