BAA delegatsiyasi «Samarqand — milliy drama teatri beshigi» ko‘rgazmasida qatnashdi
BAA delegatsiyasi vakillari yurtimizga tashrifi davomida «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyada bo‘lib o‘tgan Sharja amirligining arxeologik topilmalari ko‘rgazmasi hamda «Art Station» san’at galereyasida «Samarqand — milliy drama teatri beshigi» ko‘rgazmasi ochilishida qatnashdi.
«Samarqand — milliy drama teatri beshigi» ko‘rgazmasining ochilish marosimida BAA Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BAAning O‘zbekistondagi va O‘zbekistonning BAAdagi elchixonalari, BAA delegatsiyasi, Samarqand hokimligi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiyga ko‘rgazma, shuningdek, XX asrning 1-yarmida O‘zbekistonda dramatik san’atga asos solgan taniqli o‘zbek aktrisasi Sora Eshonto‘rayeva va uning faoliyati haqida ma’lumot berildi. Ko‘rgazma mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.
«Ko‘rgazma aktrisa hamda boshqa taniqli san’at vakillari haqida hikoya qiladi, — dedi ko‘rgazma kuratori Durdona Kulmatova. — Maqsad o‘z hayotini san’at va ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlagan Sora Eshonto‘rayeva va O‘zbekistonning boshqa jamoat arboblari taqdiri haqida hikoya qiluvchi ilk avlod aktyorlarini shakllantirishdir».
Ko‘rgazmaning asosiy to‘plami 1924 yildan 1937 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi va teatr jamoasining sahna ortidagi hayotini aks ettiruvchi suratlarning qayta nashrlari, arxiv hujjatlar, Sora Eshonto‘rayeva va Abror Hidoyatovga tegishli shaxsiy buyumlar, jumladan, liboslar, rekvizitlar va bezaklardan iborat. To‘plam aktrisaning keyingi suratlari va nabirasi Nodira Hidoyatovaning u haqdagi hikoyasi tasvirlangan videosuhbatni ham o‘z ichiga olgan.
Ma’lumot uchun, Samarqandda boshlangan 70 yillik ijodiy faoliyati davomida Sora Eshonto‘rayeva teatr va kinoda 100 dan ortiq rollarni ijro etgan. Ijro mahorati va ijtimoiy faolligi uchun ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Bundan tashqari, BAA delegatsiyasi vakillari «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetida bo‘lib, bu yerda talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, ular ta’lim maskani hududida tashkil qilingan ekologik burchakni ham ko‘zdan kechirishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter