Bag‘dodda xotin-qizlar uchun zamonaviy sport majmuasi qad rostlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev shu kunlarda Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi. Kecha vazir Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumaniga tashrif buyurib, bu yerda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Shuningdek, tashrif davomida sport-sog‘lomlashtirish majmualarining ayni paytdagi holati o‘rganilib, mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf qilish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Vazirni tuman hokimi Alibek Tursunov kutib oldi hamda Markaziy o‘yingohda yaratilgan shart-sharoitlar, bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirishning istiqboldagi rejalari bilan tanishtirdi.
— Markaziy o‘yingohni rekonstruksiya qilish uchun viloyatimiz hokimligi tomonidan 2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Bugunga kelib, qurilish-ta’mirlash loyihalari tayyor holatda va tez orada rejadagi ishlarimiz boshlanadi. Tumanimizda sportning 18 turi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan va 2 539 nafar bolalar va o‘smirlar sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Ularning 775 nafarini qizlar tashkil qiladi. Bundan tashqari, kattalar o‘rtasida ham ko‘plab sport turlari juda ommalashib boryapti. Biroq bizda xotin-qizlar uchun alohida sport inshootlari mavjud emas. Shu masalada vazirlikning yordamiga ehtiyoj sezilmoqda, — dedi Bag‘dod tumani hokimi Alibek Tursunov.
O‘z navbatida D.Nabiyev Bag‘dod tumanida jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berar ekan, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, xotin-qizlar orasida sportni yana-da ommalashtirish masalasi vazirlikning doimiy e’tiborida ekanini alohida ta’kidladi.
- Qayerdaki birinchi rahbar sportni sevsa, o‘sha yerda bu soha rivojlanadi, — dedi Dilmurod Hamidullayevich. – Tumaningiz yoshlari erishayotgan natijalardan ozmi-ko‘pmi xabarim bor. Ularni yana-da qo‘llab-quvvatlash, katta marralarga ilhomlantirish kerak. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Bag‘dodda sportni keng ommalashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar sportini har tomonlama rivojlantirishdan albatta manfaatdor.
Tashrif davomida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Markaziy o‘yingoh hududidagi foydalanishsiz turgan tennis korti o‘rnida xotin-qizlar uchun maxsus trenajyor va fitnes zallari, jamoaviy hamda yakka tartibdagi sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish imkonini beruvchi ko‘pqavatli sport majmuasi qurilishini, bu ishlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini, bu esa bag‘dodlik ayollar uchun vazirlikning munosib tuhfasi bo‘lishini aytib o‘tdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter