Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Bahriddin Chustiyning ahvoli yaxshilanmoqda

Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Bahriddin Chustiyning ahvoli yaxshilanmoqda

Foto: Bahriddin Chustiyning shaxsiy sahifasi

O‘zbekistonning taniqli oshpazlaridan biri Bahriddin Chustiy koronavirusga chalinib, poytaxtdagi shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.

Bugun, Bahriddin Chustiy o‘zining feysbukdagi sahifasida kechadan ahvoli yaxshi tomonga o‘zgarishni boshlagani, shifokorlar shu ketishda 3-4 kunda reanimatsiyadan umumiy palataga olishni aytishayotgani haqida ma’lum qildi va uning sog‘lig‘iga befarq bo‘lmagan insonlarga minnatdorlik bildirib post qoldirdi.

«Bizga shifo so‘rab, duo qilib, shaxsiy xabarlarda murojat qilgan, qo‘ng‘iroq qilgan, xabar yozgan, ijtimoiy tarmoqlarda xavotirlangan barcha barcha do‘stlarga o‘zimning cheksiz minnatdorligimni izhor etmoqchiman.

Barchangizga ming rahmat, aslo dard ko‘rmang va doimo Alloh panohida bo‘linglar.

Shuningdek, bizning holatimiz og‘irlashgani xabari tarqalgach, darhol chora ko‘rgan barcha mutasaddi rahbarlarga, shifokorlarga, sog‘liqni saqlash vazirligiga, bizning boshqa shifoxonaga o‘tishimizni tashkil etgan va ta’minlagan Aziz Abduqaharovichga, malakali shifokorlarni yuborgan Komil Ismoilovichga, rossiyalik mutaxassis-shifokorni jalb qilgan Irina Ovsyannikovaga, ayni damda bizni davolayotgan Husan Minavarovichga va bularning barini nazorat ostiga olgan Abdulla Nig‘matovichga o‘zimning alohida minnatdorligimni izhor etaman. Xudo xohlasa, vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish uchun yanada ko‘proq harakat qilaman», — deya qayd etdi u.

Shuningdek, u holatiga befarq do‘stlariga ham alohida tashakkur izhor qilgan.

«Rostan ham bu ehtiyot bo‘ladigan kasallik ekan, bejizga OAVda hamma o‘zini ehtiyot qilishi haqida tinmay gapirilmayotgan ekan», deya qo‘shimcha qildi Bahriddin Chustiy.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring