«Barcha bolaning hayotini saqlab qolish mumkin edi» – Amrillo Inoyatov «Dok-1 Maks» voqeasiga izoh berdi
14-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning «Mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning holati va istiqboli to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi. Vazir o‘z chiqishida deputat Doniyor G‘aniyevning savoliga javoban «Dok-1 Maks» voqeasiga to‘xtalib o‘tdi.
«O‘sha ishlar bo‘lgan paytda birinchi o‘rinbosar edim. Birinchi o‘rinbosar bo‘la turib xabarni kech eshitganman, tan olaman. 24-25 dekabr kunlari xabarni olganmiz.
Yanvar oyining birinchi o‘n kunligida 17 ming hamshirani xonadonlarga chiqarib, odamlarning uyidagi shunday dorilarni yig‘ib oldik. Siropdan tashqari tabletka ko‘rinishidagi turlari ham aniqlanib, yig‘ib olindi.
Prezidentimiz darrov topshiriq berib, administratsiya, prokuratura, ichki ishlar, soliq organlari ham jalb qilinib, dorixonalardan o‘sha dori to‘liq yig‘ib olindi», – dedi vazir Amrillo Inoyatov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 100 nafarga yaqin bolani hududlardan yig‘ib olib kelib, Bolalar milliy markaziga va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan.
«Protsess 10 kunda birdan to‘xtatildi. Qariyb 100 nafar bolani Bolalar milliy markazi va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib keldik va sog‘lig‘ini nazoratga oldik.
Samarqanddan holat bo‘yicha ma’lumot kelgunga qadar shifokorlar zaharlangan bolalarga boshqacha tashxis qo‘yishgan, agar bilishganda, barcha bolaning hayotini saqlab qolish mumkin edi. Shu voqeadan keyin bitta ham bunday o‘lim holati kuzatilgani yo‘q. Holatdan so‘ng katta xulosa qilganmiz», – degan sog‘liqni saqlash vaziri.
Sog‘liqni saqlash vaziri deputatlarga hisobot berarkan, bundan buyon bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.
«Tizimda muammolar yig‘ilib qolgan, shuning uchun tizimli yondashuv boshlangan. Hukumatning, deputatlarning yordami kerak bo‘ladi bizga. Tibbiyot yo‘nalishi juda og‘ir ekanini his qilyapman, vazirlik mas’uliyati juda katta.
Shularni chuqur his qilgan xolda ishga kirishganmiz. Endi bundan buyon bitta ham bunaqa holatga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Va tan olamanki, barchasi bizning holatdan kech xabar topganimiz va xatomiz tufayli bo‘ldi», deya ta’kidlagan Amrillo Inoyatov.
Deputat Doniyor G‘aniyev «Dok-1 Maks» voqeasi tizimdagi o‘ta qo‘pol kamchiliklar va tizimdagi korrupsiya sababli dorini tegishli tartibda sertifikatsiya qilinmagani sabab bo‘lgani, oqibatda 65 ta oila farzandidan judo bo‘lganini ta’kidlab, ammo shuncha ishdan keyin ham soha mutasaddilari siyosiy javobgarlikka tortilmayotganini aytgan.
Bunga javoban Amrillo Inoyatov deputatning e’tirozlarini 100 foiz qabul qilishi va biror bahona qilishga asosi yo‘qligini bildirgan.
Avvalroq vazir «Antistrumin» voqeasi yuzasidan izoh berib, bolalarga yod preparati yuqori dozada berilganini tan olgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter