Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayram tabrigi o‘rnida...

Bayram tabrigi o‘rnida...

Kasbiy faoliyatim taqozo qilib, juda ko‘plab ustoz, tengdosh yoki yosh jurnalistlar bilan shaxsan tanishman yoki ularni sirtdan bilaman. Ayrimlari haqida o‘z xulosalarim bor. Ustoz jurnalistlardan olishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘pligi bilan birga, ba’zan teskarisi ham uchrab turadi. Ya’ni ularning hamma xislatlarini, xususiyatlarini o‘zlashtiraverish ham yaramaydi. Bu kasbiy nuqtai nazardan emas, balki inson xarakteri, xosligi bilan bog‘liq jihatlardir.

Bugun kunda negadir odamlar jurnalist deganda «bloger»ni yoki ijtimoiy tarmoq faolini tushunmoqda. Xo‘sh, aslida ham shundaymi?

Afsuski, aslida bunday emas. Bundan o‘n yillar oldin O‘zbekistonda nodavlat nashr, radio va telekanal faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, keyinchalik ularning rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan insonlardan biri Firdavs Abduxoliqov, hali kun kelib har birimiz jurnalistga aylanamiz, deganda ko‘pchilik labini urgan yoki hayron bo‘lib yelka qisish bilan kifoyalangandi. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham bu fikrga ishonqiramay qaragandim. Va keyinchalik Firdavs akadan bu qanday sodir bo‘lishi haqida so‘ragandim ham. O‘sha aytilgan kunlar keldi, chamamda. Chunki bugun hammaning qo‘lida zamonaviy telefon apparati, internetdan foydalanish esa cheklanmagan va arzon. Yo‘l-yo‘lakay duch kelgan hodisani bemalol video va fotosuratga olishimiz, uni hech qanday to‘siqlarsiz ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarimiz orqali e’lon qilishimiz mumkin.    

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarni gullatayotgan, u yerlarda javlon urayotgan, kuzatuvchilari soni nafaqat ming, balki millionlarni tashkil qiluvchi aka-uka, opa-singillarimiz xafa bo‘lmasinu, ular qilayotgan ish jurnalistika emas.

Mening nazarimda, yo‘q, belgilangan tamoyillarga ko‘ra, jurnalist biror voqea-hodisani omma e’tiboriga havola qilishdan oldin uni har tomonlama o‘rganishi, tomonlarning fikr-mulohazalarini tinglashi, dalillarga asoslangan holda hech bir tomonga yon bosmagan holda o‘z maqolasini e’lon qilish, video yoki radioreportaji, lavhasini efirga uzatish uchun taqdim qilishi kerak. Bugun o‘zini jurnalistika vakili deb atayotgan ayrimlar nima qilmoqda? Ular yuqorida ta’kidlangan jihatlarni inobatga olmasdan, bir tomonning buyurtmasi asosida materillarni e’lon qilyapti va o‘z navbatida, bunday jurnalistik material turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. «Nega bunday qilding?» degan savolga ikkinchi tomon yoki shu masalaga mas’ul javob bermadi, javob berishni istamadi, deb qutulib qo‘ya qoladi. 

Yaqinda sinfdosh o‘rtoqlar (ular har xil soha vakillari) bilan bir yig‘inda bugungi o‘zbek televideniyesi haqida munozara bo‘lib o‘tdi. Har kim o‘z fikrini aytdi. O‘rni kelganida himoya qildi. Ko‘pchilik nodavlat telekanallar faoliyatiga to‘xtalib, ularning ancha rivojlanganini, teletomoshabinni o‘ziga og‘dirib olgani haqida fikr bildirdi. Oramizda faqatgina mening soham jurnalistika bo‘lgani uchun hammaning ko‘zi menga qadaldi. «Sen qaysi kanallarni kuzatasan?» degan savoliga javob ularning hayratiga sabab bo‘ldi desam, yanglishmayman. «Men imkonim bo‘lsa, «Madaniyat va ma’rifat», «Mahalla», «O‘zbekiston tarixi» kanallarini ko‘proq kuzataman», dedim. Albatta, bu javobning ketidan «Nega? Shuncha qiziqarli, shov-shuvli dasturlari bo‘lgan kanallar qolib, aynan, mana shular? Axir ularda ko‘rimli hech narsa yo‘qku?» degan savollar o‘rtaga tashlandi. Xo‘sh nega?

To‘g‘ri, bu telekanallarda televideniye tilida aytganda «podacha», ya’ni yetkazib berish usuli biroz eskirgandek, qotib qolgandek, bir qolipga tushib qolgandek. Biroq qator dasturlar borki, ularni ko‘rib, ko‘pchiligimiz izlayotgan ma’naviy, madaniy ozuqani olishimiz mumkin. O‘z navbatida, nodavlat telekanallarda ham ko‘rish mumkin bo‘lgan telemahsulotlar talaygina. Ularni ko‘rish esa vaqt masalasi.

Bugun «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish, o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirishga bag‘ishlangan «Agar...» ko‘rsatuvining tasvirga olish jarayonlarida ishtirok etdik. Unda o‘zbek tilining chin fidoyilari, ustozlar qatnashdi. Men ham bir narsalarni gapirdim. Ayni shu masalaga mas’ul sifatida Raqamli texnologiyalar vazirligida davlat tilida ish yuritish jarayonlari haqida ma’lumot bergan bo‘ldim. Lekin gap bu haqida emas.

Gap ko‘rsatuv boshlovchisi Gulmira Musajonova bilan shaxsan tanishganimda. Shuncha yillik jurnalist bo‘lib, nahotki, endi tanishgan bo‘lsang, degan savol tug‘ilgan bo‘lishi tabiiy. Endi, bugunga nasib ekan. Uning «Oddiy haqiqatlar», «Men bilgan haqiqatlar», «Bugunning gapi» va shunga o‘xshash ko‘plab dasturlarini maroq bilan tomosha qilaman. Nafaqat ko‘raman, balki ulardan chin ma’noda ma’naviy ozuqa olaman, madaniy hordiq chiqaraman. Aytish mumkinki, ba’zilar uchun Gulmira Musajonovaning ko‘rsatuvlari zerikarli tuyulishi mumkin, ammo men uchun emas.

Ko‘rsatuvni suratga olish jarayonida Gulmira opa suhbatdoshlariga mavzu va ko‘tarilishi kerak bo‘lgan masalalar haqida erinmasdan tushuntirdi. Eng muhimi, bugungi yosh jurnalistlarimizda yetishmayotgan narsani ko‘rdim unda. Sabr! Suhbatdoshi fikrini yakunlashini sabr bilan kutdi. Hatto kezi kelganida uni qo‘llab-quvvatlab turdi.

Salgina yoshi katta jurnalist (sohada nimani qoyillatdim bilmayman, lekin diplomimda jurnalist deb yozib qo‘yilgani uchun shunday deyapman) sifatida aytishim kerakki, bugungi jurnalist, muxbirlarda ana shu sabr yo‘q, go‘yo. Savolni berishga berib qo‘yadiyu, o‘z fikrini bayon qilayotgan suhbatdoshini istagan joyida bo‘ladi va uning fikrlari chalkashib ketishiga, natijada berilgan savolga batafsil javob berilmasligiga, mavzu to‘liq ochilmasligiga sabab bo‘ladi.   

Yana bir qiziq holat. Ko‘rsatuv muharriri tasvirga olish uchun ajratilgan vaqt tugaganligini bir necha marta ishora qilganiga qaramay, suhbatdoshlardan o‘zi xohlagan fikrni olmaguncha to‘xtamadi. Bitta savolni bir necha ko‘rinishda berdi va ko‘rsatuv ishtirokchilarining «ochilishi»ga sabab bo‘ldi. Ulardan qog‘ozda yozilgan gaplarnigina emas, aslida ko‘ngliga tugib qo‘ygan gaplarni chiqarib ololdi. Suhbatdoshini asl maqsadini aytishga majburladi. Bu borada bemalol mahorat darsi o‘tishi mumkin.

Yana bir jihat. Har bir ishtirokchi gapirgandan keyin unga dalda berdi. «Siz qilgan ishlar sohaning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Bundan, sizning o‘rningiz muhim» degan gaplarni kanda qilmadi.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi yosh jurnalistlarimizda mana shu narsa yetishmayotgandek. Garchi suhbatdoshi o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lsa-da, jurnalistlarimiz uning fikrlarini mensimagandek eshitadi. Yoki uning yuz-ko‘zidan tezroq tugata qolsa edi, degan ma’noni uqish mumkin. 

Biz yosh jurnalistlar (aslida men ja yosh emasman) Gulmira opadek ustozlardan o‘rnak olishimiz, ulardan o‘rganishimiz va albatta, quruq o‘rganmasdan, ish faoliyatimizda qo‘llashimiz maqsadga muvofiq.

Aslida Gulmira Musajonovadek o‘rnak olsa arzigulik ustoz jurnalistlar juda ko‘p. Alohida ko‘rsatishimning asosiy sababi esa Gulmira Musajonova bilan bayram arafasida uchrashib qolgandim. Bu gaplardan boshqa ma’no izlamang. Chunki Musajonova hech qanday «PR»ga muhtoj emas.

Nega bular haqida yozdim?

Chunki bugun 27-iyun. Ha, oddiy kunlardan birida dersiz, yo‘q, aslo unday emas. Bugun sizu biz har qanday ko‘rinishda (bosma, elektron, radio, televideniye) olayotgan axborotlarning bizgacha yetib kelishini ta’minlaydigan, bu yo‘lda tinim bilmaydigan, o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradigan, suv kelsa simirib, tosh kelsa, kemiradigan, to‘g‘ri so‘zni aytishdan cho‘chimaydigan, aytish joiz bo‘lsa, bir so‘zi (maqolasi, reportaji, posti, feletoni va h.) bilan olamni guliston yoki vayron qiladigan, ko‘ngillarga quvonch ulashadigan, o‘rni kelganda, o‘ylashga, fikrlashga undaydigan fidoyilar kuni.

Bugun O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni! Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar, hamkasblar!

Nurilla Abdullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring