Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Bellashuv davom etmoqda: «Alpomish»dan «Rustamxon»gacha

Bellashuv davom etmoqda: «Alpomish»dan «Rustamxon»gacha

Mana uch kundirki Xivada IV «Baxshichilik san’ati» xalqaro festivali bo‘lib o‘tayapti. Baxshilarning har bir kuyi va ijrosi nafaqat millatdoshlarimizni, balki xorijlik tomoshabinlar qalbini zabt etmoqda. Baxshi kuylayotgan joy borki, xorijlik sayyohlar hayrat bilan kuzatayotganini ko‘rishingiz mumkin.

Italiyalik mehmon Lello Zabning fikricha, baxshilarning aytimlarni tomoq bilan kuylashi – bu juda ham ajoyib va hayratlanarli san’at turi. «Ovozning g‘ayritabiiyligi va tomoq bilan kuylash, men uchun haqiqiy mo‘’jiza, garchi so‘zlarini tushunmasamda, sehrlanib sira uzoqlashgim kelmayapti», – deydi u.



Surxondaryolik «Shuhrat» medali sohibi Rahim aka tinglovchilarga ovozni qanday sozlashni, torni qanday ushlashni va kuylashni erinmay o‘rgatadi. Sayyohlar ham Rahim akaga jo‘r bo‘ladi, minnatdorlik bildirish istagida qo‘lini qattiq qisib qo‘yadi. Bu festival, nafaqat turli mamlakatlardan kelgan odamlarga madaniyatlarni, urf-odatlarni tanishtiradi, balki baxshichilik san’atiga mehrni targ‘ib etishga yordam beradi.



Kechki salqin tushishi bilan bellashuv boshlandi. Ilk sahnaga chiqqan Surxondaryolik Jovli Tangirov aytimni Go‘ro‘g‘lining o‘g‘li Avazxonga duodan boshlandi. Bu duo-aytim baxshilarning barchasiga bildirilgan ezgu tilakdek yangraydi, go‘yoki barchani birlashtirayotgandek.

Keyin esa Eron Respublikasidan kelgan «Arang» musiqiy guruhi eron ohanglarini ijro etdi. Undan keyin, Tojikistonlik baxshi Abdurahmon Hasanov «Alpomish» dostonini kuyladi. Ohanglar bir-biriga ulanadi, Xivaning tarixiy obidalarini tomosha qilayotgan yosh bolalardan tortib keksalargacha, xorijlik sayyohlar sahna tomon oshiqadi.


«Alpomish», «Rustamxon», «Xirmondali», «Oshiq Mahmud» kabi milliy madaniyatimizning o‘lmas durdonalari ham bugungi bellashuvni yanada jozibali qiladi. Mana Yaponiya milliy musiqa guruhi ijro etayotgan «Yaponiyaga musiqiy sayohat» ko‘z o‘ngimizda kunchiqar mamlakatni gavdalantirdi...

Tanlov davom etmoqda, tor, turli cholg‘ular, doiraning uyg‘un ovozlari atrofga sado tarqatadi, baxshilarning bir-biriga qarata aytayotgan aytimlari barchani sehrlaydi. Qirqdan ortiq mamlakat san’atkorlari qatnashayotgan ushbu festival hali uzoq davom etadi, kuy-kuyga, so‘z-so‘zga, ohang-ohangga ulanadi.

Baxshichilik san’ati sadolari mana shunday avloddan avlodga boyib, to‘lib-to‘lishib o‘tib boraveradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring