Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Benzin narxi oshishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Benzin narxi oshishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Foto: «Xabar.uz»

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekistonda AI-80 benzin sotib olishda cheklovlar joriy qilindi, bu AYoQShlarda benzin taqchilligiga sabab bo‘lishi mumkin» mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, birja savdolarida, benzinning 80 foizi 1 tn lotlarda qolgan qismida vagon normasida (60 va 55 tn) sotilmoqda va bugungi kunda birja savdolarida AI-80 benzinini sotib olish bo‘yicha cheklov o‘rnatilmagan.

Aksincha, agar avgust oyida jami kunlik 2,8 ming tn mahsulot qo‘yilgan bo‘lsa, oktyabr oyida esa o‘rtacha 3,2 ming tndan savdoga chiqarilmoqda, ya’ni taklif 14 foizga oshirilgan, bu esa ko‘proq xaridorlarga mahsulotni olishga imkoniyat yaratadi.

Benzinga talabning mavsumiyligi hamda narxlarning yuqori darajada volatilligini hisobga olgan holda Qo‘mitaga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq narxlarni barqarorlashtirish maqsadida bir savdoda mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdorini belgilash vakolati berilgan va ushbu chora mahsulotga talabning oshishi davrida bir necha yildan buyon bozor muvozanatini baraqarorlashtirish uchun davlat tomonidan qo‘llab kelinadigan nomonetar vosita hisoblanadi.

Bundan kelib chiqib, joriy yilning avgust oyida benzin narxlarining oshishi natijasida mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 5 tn etib belgilangan edi.

O‘z navbatida, ushbu choralar hamda taklifni oshirilishi joriy yilning sentyabr oyi oxirida hamda oktyabr oyining birinchi yarmida birja savdolarida benzin narxlarining 10 foizgacha pasayishiga va bir muncha barqarorlashishiga olib keldi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shuningdek jahon bozorlaridagi yuzaga kelgan salbiy tendensiyalardan (neft narxlarining oshishi, benzin eksportiga o‘rnatilgan cheklovlar) kelib chiqib import narxlarining ichki bozorga ta’sirini yumshatish maqsadida 17 oktyabrdan mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 10 tngacha oshirildi.

Bugungi kunda, respublikadagi 2 mingdan ortiq AYoQShlarning 99 foizida AI-80 benzini 6800 so‘mgacha bo‘lgan barqaror narxlarda sotilmoqda.

Shu bilan birga, joriy yilning 19 oktyabrida Qo‘mitada Energetika vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi, «O‘zbekneftgaz» AJ, «SANOAT ENERGETIKA GURUHI» MCHJ XK, «O‘zRTXB» AJ hamda O‘zenergoinspeksiya vakillari bo‘yicha savdoga chiqarilayotgan benzin hajmlarini oshirish hamda narxlarni barqarorligini ta’minlash masalalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Bunda ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotning qo‘shimcha hajmlarini birja savdolariga chiqarish bo‘yicha aniq choralar hamda chakana narxlarning asossiz oshishini oldini olish bo‘yicha Qo‘mitada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi va «O‘zenergoinspeksiya» bilan birgalikda respublika va hududiy ishchi guruhlar tuzilishi belgilandi.

Benzin bilan ta’minlashda Qo‘mita tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda benzini bozorida tanqislik va ajiotajni oldini olish bo‘yicha o‘z vakolatlaridan kelib chiqib tezkor zarur choralarni ko‘rib boradi.

Bugungi kunda benzin bilan ta’minlash masalalarida ajiotajga sabab bo‘ladigan omillar mavjud emasligini ma’lum qilamiz, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring