Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir keling, ko‘rsatadigan narsalarimiz ko‘p...» – Yevgeniy Kolenko

«Bir keling, ko‘rsatadigan narsalarimiz ko‘p...» – Yevgeniy Kolenko

Bosh prokuratura Akademiyasining o‘zbekchani «qiyib qo‘yadigan» boshlig‘i Yevgeniy Kolenko (Jenya aka) ko‘p jurnalistlarni taniydi. Ularni har ko‘rganida bitta taklifni o‘rtaga tashlaganining ehtimoli ham shu: «Biz tomonlargayam bir keling, ko‘rsatadigan narsalarimiz ko‘p...». Kimdir buni shunchaki lutf, kimdir «qo‘qoncha manzirat» sifatida qabul qilgan bo‘lsa bordir, biroq Jenya akaning taklifi samimiyligiga shubha bo‘lishi mumkin emas.

Xullas, gap orasida aytilgan taklif bilan ish bitmasligiga ko‘zi yetdi chog‘i, Akademiya boshlig‘i ko‘plar qilayotgan ishga qo‘l urdi. Ya’nikim, «prokurorchasiga» aytsak, markaziy mahkama rahbariyati roziligini olib, matbuot xizmati boshlig‘i Hayot Shamsutdinov bilan «til biriktirib», ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari «yo‘q» deya olmaydigan tarzda ular uchun press-tur uyushtirdi.

Ish degani mana bundoq bo‘libdi!

***

Yevgeniy Kolenko «kelinglar, kelinglar...» deganicha bor ekan — Akademiyada qisqa muddatda hazilakam ishlar amalga oshirilmabdi (Bosh prokuratura Akademiyasi davlat rahbarining 2018-yil 8-maydagi Farmoni bilan tashkil qilingan). Ularni bir maqolada muxtasar bayon qilish mahol. Qolaversa, oddiy bayon uchun ham huquqshunoslikdan ozroq bo‘lsin boxabarlik ham talab etiladi. Bu borada maqtanishimiz qiyin, afsus... Shu bois Jenya akaning kuyib-pishib, to‘kilib-to‘kilib aytgan gaplarini «hazm qilish» oson bo‘lgani yo‘q, rosti. Ilg‘ab-idrok etganimiz shu bo‘ldiki, jamiyatning qaysi jabhasini olmang, nazariya va amaliyot uyg‘unligi ta’minlanmas ekan, rivojlanish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki, shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon ozmuncha talablarni ko‘ndalang qo‘yayotgani yo‘q.

Shu paytgacha prokuratura organlarida nazariya va amaliyot o‘rtasida ulkan bo‘shliq bor edi. To‘g‘ri, Akademiyaga qadar Bosh prokuraturaning Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish markazi, so‘ng mazkur markaz negizida tashkil etilgan Oliy o‘quv kurslari faoliyat ko‘rsatgan. Biroq har ikki tuzilma ham nazariya va amaliyot o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldira olgani yo‘q. Buning asosiy sababi yetarli shart-sharoit yaratilmagani bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, qayd etilgan tuzilmalar ilmiy-amaliy markazdan ko‘ra ko‘proq «Astrobod» vazifasini o‘tagani (izoh: saroy fitnalari sabab hazrat Navoiy Xurosondan Astrobodga surgun qilinganiga ishora qilinmoqda) kimga sir emas. Ya’ni, viloyat prokurorligi yoki undan kattaroq lavozimdan «urilganlar»ning aksariyati mazkur tuzilmaga «badarg‘a» etilib, ularga shu tariqa pensiyaga chiqqunicha tizimda ishlash imkoniyati berilardi go‘yo... «Jarima maydonchasi»ga aylantirilgan joyda qonunchilik muammolarini o‘rganish, prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish masalasida sifatga erishib bo‘lardimi?!

***

Mayli, o‘tgan ishga salovat. Naqdidan gapiraylik.

Bosh prokuratura Akademiyasi tug‘iliboq chopqillab ketgan go‘dakni eslatadi. Akademiya 2018 yilning may oyida tashkil etilganini yuqorida aytdik. O‘tgan ikki yarim yilning qariyb yarmi tashkiliy ishlarga (yangi bino ta’miri, zarur inventarlar va adabiyotlar bilan to‘ldirish, kadrlar masalasi va hokazo) sarf etilgani inobatga olinsa, Akademiya to‘laqonli faoliyat yuritayotganiga hali o‘n ikki oy to‘lmagani oydinlashadi. Shunga qaramay, o‘tgan qisqa vaqtda tom ma’noda jonni jabborga berib ishlanibdi, rosti. Birgina nazariya va amaliyot o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun amalga oshirilgan birlamchi ishlarni olaylik:

a) Akademiyada zamonaviy talablarga javob bera oladigan, prokuratura organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali bajara oladigan yangi formatsiyadagi kadrlarni tayyorlashga qaratilgan zaruriy o‘quv-ilmiy salohiyat shakllantirildi. O‘qitishning eski shakl va uslublari tubdan qayta ko‘rib chiqilib, fan, ta’lim va amaliyotning chuqur o‘zaro aloqasi hamda almashinuviga asoslangan ilg‘or innovatsion ta’lim texnologiyalari joriy etildi. 

b) prokuror-tergov faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha zarur ko‘nikma va kompetensiyalarga ega bo‘lgan kadrlar bilan ta’minlash imkonini beradigan kasbiy qayta tayyorlashning mutlaqo yangi modeli yaratildi.

v) xodimning butun faoliyati davomida uzluksiz va tizimli ta’lim olishini ta’minlashga qaratilgan malaka oshirish tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, prokuratura organlarining har bir xodimi uch yilda kamida bir marta, davomiyligi bir oydan kam bo‘lmagan malaka oshirish kursida tahsil oladi.

Ro‘yxatni yana ancha davom ettirish mumkin. Ammo yuqoridagi uch yo‘nalishga andak izoh lozimki, shuning o‘zi amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha muayyan tasavvur beradi.

«...Fan, ta’lim va amaliyotning chuqur o‘zaro aloqasi va almashinuviga asoslangan ilg‘or innovatsion ta’lim texnologiyalari joriy etilishi» — o‘qitishning eski shakl va uslublari tubdan qayta ko‘rib chiqilganini ko‘rsatadi. Konfutsiyning bir hikmati bor: «Menga gapirib bersang — esimdan chiqib ketadi. Menga ko‘rsatsang — eslab qolaman. Mustaqil bajarishimga imkon bersang — anglab yetaman».

Akademiyadagi tahsil tizimi ayni hikmat asosida shakllantirilgan.

***

Prokuratura — bir necha tarmoqdan iborat tizim. Har bir tarmoqning o‘ziga yarasha past-balandi bo‘lib, avvalo, xodimdan zarur ko‘nikmalar talab qiladi. Deylik, voyaga yetmaganlar bilan ishlash yoki qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniylikni ta’minlash yo‘nalishlari bilan tergov sohasini taqqoslab bo‘lmaydi.

Yaqin-yaqingacha ko‘nikma bo‘lsin-bo‘lmasin, kadrlarni u yo‘nalishdan-bunisiga shatir-shutur tayinlash odatiy hol edi. Endi bunday amaliyot yo‘q. Masalan, prokurorning muayyan yo‘nalish bo‘yicha yordamchisi tergovchi bo‘lishni ixtiyor etdimi — marhamat, u Akademiyada ayni shu yo‘nalish bo‘yicha o‘zida zarur ko‘nikma va kompetensiyalarni shakllantirishi kerak.

Tahsildan keyingi «chig‘iriq»dan o‘tsa, murodi hosil bo‘lib, tergovchilikka tayinlanadi. Aks holda, shu paytgacha bajarib kelgan ishini kelgan joyidan davom ettiraveradi. Ya’ni, buyog‘iga tizimning ko‘tarilaman degan xodimi Akademiya tuprog‘ini yalashi shart. Ta’lim jarayonida inson omili cheklangani e’tiborga olinsa, mazkur sohada ko‘tarilish uchun «zar»ning ham, «zo‘r»ning quvvati qolmayapti tobora...

Oliy o‘quv yurtini bitirib, huquqshunos shahodatiga ega bo‘lgan yoshlar uchun ham gap shu: bu yog‘iga tizimga «tanka» bilan emas, Akademiya orqali kiriladi. Ya’ni, olti oy o‘qib, belgilangan (onlayn) bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tsagina maqsadiga yetadi. Joriy etilgan bunday yangicha tartiblar tizimda korrupsiyaning oldini olishda ma’lum darajada qo‘l kelishini ilg‘ayotgan bo‘lsangiz kerak. Zero, «soqqa» bilan ishga kirgan xodim xolis va halol ishlamasligiga ta’kid shart emas.

***

«Akademiya tomonidan o‘quv reja va dasturlarini tuzishda Bosh prokuratura tarmoqlari va quyi turuvchi prokuraturalar bilan qayta aloqa mexanizmlaridan foydalanishning majburiyligini belgilovchi tartib o‘rnatildi. Muntazam ravishda so‘rovlar asosida xodimlarning ta’limga bo‘lgan o‘zgarib boruvchi ehtiyojlari tahlil qilinib, natijalari ta’lim jarayonini tashkil etishda inobatga olinadi, bu o‘z navbatida, nazariya va amaliyotning chuqur o‘zaro aloqasini ta’minlashga xizmat qiladi», — deydi Yevgeniy Kolenko. 

Bunday gaplar tizim faoliyati, ichki tartib-taomillaridan bexabar jurnalistlar uchun uchun jumboqning o‘zi! Shuning uchun ham mezbon tadbir davomida «jumboq-jumboq gaplari»ga jindek-jindek izoh-sharh berishiga to‘g‘ri keldi. Aytdiki, qonunlar, ularning ijrosi jarayonida kutilmagan mavhumliklar paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, joylardagi prokuratura organlaridan muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-amaliy yordamga ehtiyoj paydo bo‘lishi ehtimoli katta.

Masalan, yaqinda Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tashkil etildi. Bu yangi tuzilma. Yangi tuzilmaning huquqiy asoslaridan tortib, sohaga oid qonunlarni mujassamlashtirish, ularning ijrosi jarayonida paydo bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan tushunmovchiliklarga oydinlik kiritish, qisqasi, xodimlarning malakasini oshirish kerakmi? Albatta. O‘quv reja va dasturlarini tuzishda Bosh prokuratura tarmoqlari va quyi turuvchi prokuraturalar bilan qayta aloqa mexanizmlaridan belgilovchi tartib o‘rnatilishining sababi shunda. Chunki, qonunchilik, ularning qo‘llash amaliyoti izchil o‘rganib boriladigan jarayon hisoblanadi.

Tushunganday bo‘ldik.

***

Bosh prokuratura Akademiyasida faqat tizim xodimlarigina professional layoqati va professional salohiyatini oshirishmaydi. Akademiyada davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa masalalari bo‘yicha malakasini oshirishi ham ko‘zda tutilgan. O‘tgan davr mobaynida 6 000 nafarga yaqin huquqni muhofaza qilish organlari va davlat xizmatchilari Akademiyada tahsil oldi.

2019/2020-o‘quv yilidan boshlab Akademiyada magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga asos solindi.

Akademiya magistraturasi negizida «Prokurorlik faoliyati» va «Tergov faoliyati», shuningdek mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida eng dolzarb va yuqori talabga ega bo‘lgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish» mutaxassisligi bo‘yicha tor doiradagi mutaxassislar ham tayyorlanadi.

***

Akademiya bo‘lganidan keyin unda Ilmiy kengash faoliyat yurtishi tabiiy. Ayni paytda uch mutaxassislik bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatadi. Mamlakatda birinchi bo‘lib «Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura», shuningdek, «Korrupsiya muammolari» mutaxassisliklari bo‘yicha ilmiy darajalarini berish bo‘yicha ilmiy kengash faoliyati aynan Akademiyada tashkil etilganligiga nima deysiz?!

Akademiyaning oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim instituti tomonidan ilmiy kadrlar tayyorlash faoliyati amalga oshirilib, unda bugungi kunda 12 nafar doktorant va 38 nafar mustaqil izlanuvchi ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

***

Press-tur davomida Akademiya kafedralari, bo‘lim hamda markazlari faoliyati, shuningdek o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqotlar hamda tahliliy faoliyatning tashkil etilishi bilan atroflicha tanishish imkoniyati taqdim etildi. 

Shuningdek, Akademiyaning olti qavatli binosi bo‘ylab qilingan ekskursiyada sud protsessi imitatsiyasi xonasi, kriminalistika xonasi va poligoni, elektron tir va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalarda bo‘ldik, o‘quv auditoriyalari ko‘zdan kechirildi.

Maxsus jihozlar vositasida elektron (masofaviy) o‘qitish, voqea joyini virtual ko‘zdan kechirish, multimedia markazining imkoniyatlariga havasimiz keldi rosti. Ayniqsa, tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo‘llash jarayoniga jurnalistlarni jalb qilib, o‘ziga xos tanlov o‘tkazilgani tashkilotchilar tadbirga qattiq tayyorgarlik ko‘rganini yana bir karra tasdiqladi. 

***

Aytilganidek, press-turdan guvohiga aylanganimiz, olgan ma’lumotlar va taassurotlarni bir maqolaga sig‘dirish qiyin. Ikkita-uchta quruq axborot bilan cheklanib qo‘yaqolishga xijolat bo‘lasan, kishi.

Akademiyaning xalqaro aloqalari, bir necha o‘nlab loyihalardagi ishtiroki, ilmiy-tadqiqotlar, dunyoning nufuzli ilmiy va o‘quv muassalari bilan kadrlar va tajriba almashish borasida faoliyatini uch-to‘rt chizgilar bilan bayon qilib bo‘lmaydi. Ularning har biri alohida mavzu.

Qisqasi, ko‘p narsa ko‘rdik, ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lindi. Ammo kamroq yozildi, yana mavzuga qaytilar, nasib... 

O‘quvchilarniyam ayash kerak, uzr.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring