«Bir kontur – bir mahsulot»: dehqonga bank ko‘mak beradi

Bugungi O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining bosh maqsadlaridan biri — aholi turmush darajasini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishdir. Bu yo‘lda banklar, xususan, Mikrokreditbank kabi moliyaviy institutlar faqat kreditlash emas, balki mahallabay yondashuv, ijtimoiy tashabbuslar, ish o‘rinlari yaratish va eksportga yo‘naltirilgan loyihalar bilan faol ishtirok etmoqda.
AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda bank axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov aytib o‘tganidek, Prezidentning 2024 yil 16 dekabrdagi videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida maxsus dastur qabul qilingan va shu asosda bir necha muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahallabay ishlash tizimi
Bank tarkibida maxsus departament, hududlarda «mahalla sektori» tashkil etildi. 1 121 ta mahallaga 332 nafar «mahalla bankiri» va har bir mahallarda yordamchi agent biriktirildi. Ular orqali aholi ehtiyojlarini o‘rganish va maqsadli moliyaviy xizmatlarni yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Kreditlash orqali faol qo‘llab-quvvatlash
Joriy yilning o‘tgan 4 oyida bank tomonidan jami 3,6 trln so‘m kredit ajratildi. Buning 1,8 trln so‘mi bevosita mahallalardagi aholi va tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazildi. «Oilaviy tadbirkorlik», «Biznesga birinchi qadam», «Mahalla loyihasi» kabi dasturlar bu jarayonning asosiy tayanchiga aylandi.
Aholi bandligi
Ish o‘rinlari yaratish borasida yanvar–aprel oylarida bank ko‘magida qariyb 122 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi, shundan 76 ming nafari tadbirkorlikka jalb etildi. Xususan, 18 mingdan ortiq mikroloyiha amalga oshirilib, 38 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Mijozlar bilan jonli muloqot
Hisobot davrida bank mijozi bo‘lgan 17 ming nafar tadbirkor bilan 1 100 marotaba uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda ko‘tarilgan murojaatlarning 5 mingdan ortig‘i ijobiy hal qilinishi natijasida 6 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Ijtimoiy tashabbuslar
Buxoro viloyatida kambag‘al oilalarga 900 mln. so‘mga yaqin homiylik mablag‘lari hisobidan xonadonlarni ta’mirlash, chorva mollari, qo‘y va parandalar, tomorqasida ekin ekishi uchun urug‘ va agrotexnikaga, tikuv mashina, issiqxona, maktab hududida sport maydonchasi (vork aut,) go‘zallik salonlari tashkil etildi. Bundan tashqari, 53 ta mahalladagi 380 ta kambag‘al oilaga 10 ming dona mevali ko‘chatlar tarqatildi.
Turizmni rivojlantirish
Yaqinda foydalanishga topshirilgan Xorazm viloyati Xiva shahridagi «Arda Xiva» turistik majmualarida bank tomonidan mehmonxona, savdo majmualari barpo etildi. Loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida pudratchi korxonalar jalb etilib, 185 mlrd so‘m investitsiya kirtildi.
Bugungi kunda «Arda Xiva» loyihasida qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirildi, natijada 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2024 yil 29 noyabrdagi PQ-410-sonli qaroriga asosan, Xiva shahridagi «To‘rt Shovvoz» madaniy meros ob’yektiga tutash 6,2 gektar yer maydonida Hunarmandlar markazini barpo etish belgilangan. Mazkur loyihani moliyalashtirish maqsadida «MKB Kasana Invest Group» MChJ ustav kapitaliga yana 435 mlrd so‘m investitsiya kiritish belgilangan.
«Bir kontur – bir mahsulot»: agrar islohotning yangi yuzi
Keyingi yo‘nalish – namunaviy loyihalar doirasida aholiga ijaraga berilgan 1 741 gektar yerda «Bir kontur – bir mahsulot» asosida dehqonchilik uchun 159 ta loyihaga 2,2 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar orqali yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, «Super loyiha»lar doirasida «yetishtirish – qayta ishlash – sotish» zanjiri yaratiladi.
Albatta, ushbu loyihalar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi ortib, aholi daromadi yaxshilanishi kutilmoqda.
Mikrokreditbank tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur ishlar aholining faol iqtisodiy hayotga jalb etilishi, daromad manbalarini kengaytirish, bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter