Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir qarichi ham bemaqsad qurilmagan — Sardobadagi yangi uylar haqida

Bir qarichi ham bemaqsad qurilmagan — Sardobadagi yangi uylar haqida

Foto: Xabar.uz

Tunov kuni edi, Jizzax tomonlarga yo‘lim tushib qoldi. Baxtdan Oq oltinga olib boradigan yo‘lning adog‘iga yetay deganda ko‘ringan manzaraga chalg‘ib qolibman, yon-atrofdagi mashinalarning signalidan o‘zimga keldim. Ha, tep-tekis joyda birdan shahar paydo bo‘lib qolsa hamki, yo‘ldan chalg‘ish yaxshi emas.

Manzara esa haqiqatan ham o‘ziga tortadigan edi. Bunaqasini Toshkentda ko‘raverib o‘rganib ketgandirsiz, ammo dala-dashtda, bo‘lib ham cho‘lning o‘rtasida ko‘rish, boshqacha bo‘larkan.

Yaqindagina suv balosini o‘tkazgan, loy, balchiqqa aylangan joylarda mini-shahar barpo etishibdi.Besh oyning nari-berisida.

***

Sardoba fojiasini hamma turlicha eslaydi. «Qushning ham ini buzilmasin» — bu gapni bizga ko‘p qavatli uylardan iborat «Yangi O‘zbekiston» mahallasi raisi Baxtiyor Xolqo‘ziyev aytdi. Sirdaryo viloyatining uchta tumani — Mirzaobod, Oq oltin va Sardoba ahli bu gapning ma’nisini o‘z tanasida sinab ko‘rishdi. Qushga ham ravo ko‘rilmagan balo ularning boshiga tushdi — uyi buzildi.

Hilola Bahodirova ham o‘sha kuni sarson bo‘lganlardan biri. Hozir u o‘zlari uchun qurilgan yangi mahallada kutubxonachi bo‘lib ishlayapti. Jurnalistlar unga savol berishdi — shuncha narsani boshingizdan o‘tkazibsiz, nima yodingizda qoldi? Shunaqasi bo‘ladi-ku, to‘g‘rimi, inson hayotida qandaydir hodisa ro‘y beradi, ammo nimadir birinchi bo‘lib yodga tushaveradi. O‘sha nima?

— Odamlarning oqibati! — dedi Hilola. U bu gaplarni chiroyli tabassum bilan aytdi. — Shu kungacha oqibat yo‘qolib ketdi, degan gap ko‘p aytilardi. O‘zimizning boshimizga ish tushib ko‘rdikki, oqibat hech qayerga ketmabdi.

Ha, oqibatimiz yo‘qolmasin...

***

Sardobaliklarga butun mamlakat yordam berdi. Davlat tomonidan esa uylari to‘liq ta’mirlab, jihozlab berildi. Xonadoni batamom buzilib ketganlarga esa yangisi qurib berilmoqda. O‘sha, katta yo‘ldan o‘tgan borki, hammaning diqqatini tortadigan uylar ham suv toshqinidan aziyat chekkanlarga atalgan.

Quruvchilarning ma’lumot berishicha, Mirzaobod tumani, «Yangi O‘zbekiston» mahallasida qad ko‘targan uylarning Toshkent sitida qurilayotganidan mutlaqo farqi yo‘q. Uy loyihasi mahalliy aholi bilan obdon muhokama qilingan. «Xonadonning bir qarichi ham bemaqsad qurilmadi. Isitish, havoni almashtirish, tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi, kanalizatsiya — barchasi inobatga olingan. Uylar yozda salqin, qishda issiq bo‘lishi uchun 7 santimetrli muhofaza qatlami bilan qoplangan», — deydi qurilish ishlarini olib borgan tashkilot rahbari Isroil Ismoilov.

Shu o‘rinda savol paydo bo‘lishi tabiiy: ko‘p qavatli uylar to‘rt-besh oyda qurib bitirildi. Uning mustahkamligi qay darajada?

Bu bo‘yicha ham muammo yo‘q, — deya javob berdi mutaxassis. — Uy qurilishida Toshkent sitida qurilayotgani kabi yerning zichligini oshiradigan texnologiyadan foydalanilgan. Har bir uy poydevorining tagida beton qoziqlar bor. Bu uylar har qanday toshqin va 9 balli zilzilaga bardosh berishi ko‘zda tutilgan. Sifat esa turkiyalik mutaxassislar tomonidan tekshirilgan.

***

Yangi O‘zbekiston mahallasida odamlar uchun kerak bo‘lgan hamma narsa bor — bolalar bog‘chasi, sartaroshxona, novvoyxona, kutubxona. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashrif buyurdi va yangi uylarni ko‘zdan kechirib, suv toshqinidan jabr ko‘rganlar bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahli bilan shunday obodlikda, yorug‘ yuz bilan ko‘rishib turganidan xursandligini bildirdi.

— Oxirgi besh oyda hammamiz sinovdan o‘tdik. Hamjihat bo‘lib, matonat, mehnat bilan sharoitni tikladik, yangi uylar, yo‘llar qurildi. Bugun bu ishlarni ko‘rib, albatta xursand bo‘ldim. Lekin menga eng katta kuch, quvonch bergan narsa odamlarning kayfiyati bo‘ldi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

***

Endi yangi uylar qanday taqsimlanadi? Shu vaqtga qadar bu masala ko‘p ko‘tarildi. Mahalla oqsoqoli Baxtiyor Xolqo‘ziyevning aytishicha, hammasi Xalq deputatlari kengashida hal qilinadi. Yangi uylarni olishga nomzodlarning barchasi ko‘rib chiqiladi va haqiqatan muhtoj bo‘lganlarga beriladi. Shuningdek buzilib ketgan uylari kadastrini tayyorlashga ulgurmaganlar va boshqalar ham kengashda ko‘rib chiqiladi. «Hammasi imkon qadar ijobiy hal qilinadi», — dedi oqsoqol.

Biz ko‘rgan uylarda yashash uchun lozim bo‘lgan hamma narsa bor. Unga faqat bir jihat yetishmayapti — odamlar. Har qanday joy odamlar bilan go‘zal.

Nasib qilsa yaqin vaqtlarda uy to‘ylarini ko‘rish uchun Sardobaga qaytamiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring