Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir yuz o‘ttiz Termiziy

Bir yuz o‘ttiz Termiziy

https://www.advantour.com

Zamonaviy shahar sifatida istiqlol davrida yasharish va yashnash pallasiga kirgan Termiz shahri o‘z uzoq kechmishida necha bor yonib, necha bor kul bo‘lib, necha bor vayronagarliklardan bosh ko‘targani va yana qaddini tiklab, yashab qolishda davom etgani tarixdan ma’lum. U – zardushtiylik, buddaviylik markazi. U – islom dinini ikki daryo oralig‘i yurtida ilk bora qarshilagan va hammadan avval bu nafas ila yashay boshlagan dastlabki manzil.                                 

Shahar Movarounnahr diyori, keng ma’noda Markaziy Osiyo va unga yondosh boshqa hududlarga islomning kirib kelishi va milodiy IX–XII asrlar Uyg‘onish davrini anglashimizda alohida o‘ringa ega hisoblanadi.

Termiz va uning tarixini o‘rganish XX asrning 20-yillaridan boshlangan hamda bu borada erishilgan salmoqli yutuqlar barchaga ma’lum, ammo bunda asosiy e’tibor shaharning moddiy madaniyatini o‘rganish – o‘zlashtirishga qaratilgani ham rost. Binobarin, shaharning ma’naviy hayoti va qiyofasini o‘rganish o‘tgan asr oxirlarida boshlanib, bu holat mustaqillik yillarida sifat jihatidan yangi darajalarga chiqqanini ham ko‘rib turibmiz.

Kaminaning kuzatuviga ko‘ra, bu boradagi birinchi izlanish sifatida bundan qirq yil muqaddam, ya’ni 1979 yilning 14 avgust kuni sharqshunos birodarimiz Zokirjon G‘oyib Mahmud o‘g‘li viloyat gazetasida chiqargan «Al-Hakim at-Termiziy» nomli maqolani ko‘rsatsa bo‘ladi.

Bu o‘z davri uchun alohida e’tirofga loyiq jur’atli ish edi. Zero, sho‘ro siyosatining eng avj pallalarida ilk bora allomamiz hayoti, ilmiy faoliyati, merosi xolis va qamrovli yoritilgan ediki, buning uchun muallifning ba’zi tazyiqlarga duchor qilingani ham bejiz bo‘lmagan!..

1990-yili ikki bosma toboq hajmdagi «Termiz ota» (mualliflar: Nizomjon Parda, Asomiddin Temur) kitobchasi chiqadi, Abu Iso Termiziyning «Ash shamoili an-nabaviyya» asari Sayyid Mahmud Taroziy tarjimasida chop etiladi. Keyinroq esa Muhammad Hakim Termiziy va Abu Iso Termiziyga asosiy e’tibor qaratilib, yurtimizda va xorijda bir qator tadqiqot ishlari olib boriladi, o‘nlab kitoblar, yuzlab maqolalar yuzaga keladi.

Termiziylar merosini yaxlit tarzda umumlashtirish yo‘nalishida ham ishlar davom ettirilgan. Bunda Surxon vohasi ziyolilarining izlanishlari alohida ahamiyatli. Jumladan, tarixchi Shoniyoz Safarov qalamiga mansub «Termiz va termiziylar» nomli kitob bu boradagi dastlabki to‘plam bo‘ldi. E’tiborga sazovor jihati shundaki, mazkur to‘plam va unda jamlangan ma’lumotlar Surxon diyori tadqiqotchilarining yangi avlodi ijodiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.

Termizlik olimlar: Ahmad Abdullayev, Jabbor  Esonov, Bobonazar Murtazoyev, Jaloliddin Mirzayev, Ramazon Abdullayev va boshqalar olib borgan ishlarning natijasi o‘laroq ko‘plab adib va shoir Termiziylar nomi, faoliyati va merosi kashf etildi hamda bu jarayon hanuz davom etadi. Mirzo Kenjabekning termiziylar mavzuida ko‘lami keng asl manbalarni tadqiqotga jalb etishi, muhim tarjimalarni amalga oshirishi qimmatli tajribalardan biri bo‘ldi. Jaloliddin Mirzoning Termiz sayyidlari bo‘yicha izlanishlari, Bobonazar Murtazoyev tomonidan tuzilgan yuzdan ortiq Termiziy ro‘yxatining e’lon qilinishi o‘quvchilarning keng doirasida xos qiziqish uyg‘otdi.

Bugungi kunda, ya’ni mustaqillik yillarida amalga oshirilgan tadqiqotlar Termizning nafaqat davlatchilik va madaniyat timsoli ekanligi, balki ma’naviyat va ma’rifat markazi sifatida e’tirof etilishiga ham imkon yaratdi, degan yaxlit to‘xtamni beradi.

Erishilgan marralar aniq, shu bilan birga termiziylar borasida qilinadigan ishlar hali ko‘p. Zero, ushbu yo‘nalishda arab tilidagi ma’lum va mashhur asarlar ilmiy muomalaga deyarli kiritilmagan, mavjud ma’lumotlar esa uzuq-yuluq va kengroq tadqiqiy yondashuvga muhtoj holida qolayotir. Mana shu bo‘shliqni to‘ldirish, aniqrog‘i, boshlangan ishlarni bundan-da kattaroq miqyosda davom ettirish, manbalar ko‘lamini tobora kengaytirib, ular bilan barchani tanishtirish zarurati «Termizning bezavol qal’alari yoxud Termiz tarixi» monografiyasining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Monografiya muallifi Jo‘rabek Cho‘tmatov, ziyoli oilasidan, Termiz universitetining tarix fakultetida ta’lim olgan, magistraturani ham shu dargohda o‘tagan. Termiziy olimlar hayoti va ilmiy merosi bo‘yicha izlanishlar olib boradi. Kitoblari, ilmiy maqolalari, tarjimalari bor. Lekin, Jo‘rabekning eng muhim yutug‘i, bu uning mustaqil ravishda arab tilini o‘rgangani va shu sababli qadimiy asl sharq manbalarini bemalol istifoda eta bilishidir.                                                          

Xullas, qariyb 23 bosma toboq, 346 sahifadan iborat bu kitob Sharqning Uyg‘onish davri bo‘lgan IX–XII asrlarda tarixiy Termiz kechmishi va madaniyati, mazkur davrda yashab o‘tgan termiziy ulug‘ allomalarning hayoti va faoliyati, ularning jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi kabi masalalar ilmiy-tarixiy birlamchi manbalar asosida keng ko‘lamli tadqiq etilishiga bag‘ishlangan. Unda, shuningdek, Termiz tarixi, jo‘g‘rofiyasi, boshqa shaharlar bilan aloqasi va islom madaniyatini shakllantirishdagi o‘rni yetarli dalil va xulosalar asosida ko‘rsatib o‘tilar ekan, shu paytgacha ma’lum bo‘lgan termiziy allomalarning hayoti va ilmiy faoliyati bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar taqdim etilishi qatorida yurtimiz manbashunosligida hali noma’lum bo‘lgan termiziylar xususida ham so‘z yuritiladi, ya’ni jami 130 nafar termiziy allomalar haqida ma’lumotlar yig‘ilgan. Ularning o‘n nafari tabaa tobeinlar ekani ilk bora aniqlanmoqda (eslatma: musulmon holida payg‘ambarimiz yonida bo‘lganlar sahoba, sahobalarga shu tarzda yetishganlar tobein, tobeinlarga shu tarzda yetishganlar esa tabaa tobein deyiladi).

Mazkur ma’lumotlar nafaqat Termiz, balki yurtimizning o‘tmish islomiy-ma’naviy muhitini va tarixini o‘rganishda ham katta yordam beradi, albatta. Ana shu 130 nafar Termiziy orasida tabaa tobeinlardan ilm oluvchilar  va boshqa termizlik olimlar yuzdan ziyod kishini tashkil etgan bo‘lsa, bularga qo‘shimcha sakkiz nafar termizlik tasavvuf namoyandalari ajratib ko‘rsatilgan hamda Termiz nohiyalaridan yetishib chiqqan Sarminjoniy, Shayshaqiy, Ruxshabuziy kabi olimlar ham ularning toifa safiga qo‘shilgan.

Asarda o‘quvchiga qulaylik bo‘lishini ko‘zlab hadis ilmiga tegishli atamalar izohi keltiriladi. Shu bilan birga muallif o‘zi foydalangan arab, fors, g‘arbu sharqning boshqa tillari, shuningdek vatanimiz manbalariga oid 324 ta adabiyotni alohida turkumlab joylashtirganki, bundan hamma narsa aniq namoyon bo‘lib turadi va bu holatga ham yutuq sifatida qaralishi lozim bizningcha!             

Mazkur tadqiqot orqali bilish mumkinki, Termiz islomning ilk davridagidek, keyin ham Movarounnahrda hanafiylikning muhim markazlaridan biri bo‘lib qolgan. Boshqa o‘lkalardan kelgan mashhur olimlar Termiz ilmiy muhitidan bahra olishgan, ba’zi termiziylar islomning o‘sha davrdagi boshqa ilmiy markazlarida faoliyat yuritib, ma’lum ilm sohalarida yetakchilik qilishgan. Bu yerda diniy ilmlar qatorida tabiiy ilmlar ham rivoj topgan, jumladan, islom olamida usturlob ishlatilgan ilk hududlardan biri Termizda butun boshli rasadxona faoliyat yuritgan.

Shu bilan birga mualif alohida ta’kidlaydiki, islom olamida tan olingan olti hadis kitobidan birining muallifi Abu Iso Termiziyning o‘ndan ziyod shayxi va ustozi Termizdan ekanligi ul zotning ushbu shahardan yetishib chiqishi bejiz emasligini, Termizda buning uchun lozim darajadagi ilmiy muhit va hadis maktabi yuzaga kelganligini ko‘rsatadi.                                            

Iqtidorli yosh olim Jo‘rabek Cho‘tmatovning monografiyasida milodiy IX-XII asrlarda yetishib chiqqan termiziylar haqida so‘z yuritilgan. Sezgan bo‘lsangiz, keyingi davrlar – to milodiy XIX asrgacha yetishib chiqqan termiziylarni o‘rganish esa hali alohida mavzu sifatida qolayotir.                              Demak, izlanishlar davom etadi.

Abdulla Xolmirzayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring