Birinchi marta yapon olimi Abel mukofotiga loyiq topildi

Yapon matematigi Masaki Kashivara 2025-yilgi Abel mukofoti laureati bo‘ldi. U «algebraik tahlilga qo‘shgan fundamental hissasi hamda D-modullar nazariyasini ishlab chiqqanligi va kristall asoslarni kashf etganligi uchun» mukofotga loyiq topildi, deyiladi mukofotlash qo‘mitasi saytida.
Kashivara 1969-yilda Tokio universitetida tahsil olayotgan paytida, algebraik tahlil kashshofi Mikio Sato qo‘l ostida yozgan magistrlik dissertatsiyasida D-modullar nazariyasini asoslab bergan.
78 yoshli Masaki Kashivara — sermahsul matematik, 70 ga yaqin mualliflar bilan hamkorlikda ilmiy maqolalar chiqargan. Bir nechta kitob va ma’lumotnomalar yozgan, fanga oid qator mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Ma’lumot uchun: Abel mukofoti 2003 yildan buyon har yili an’anaviy tarzda Norvegiya fanlar akademiyasi tomonidan matematika sohasidagi xizmatlar uchun taqdim etib kelinadi. O‘z sohasining eng nufuzli mukofotlaridan sanaladi. Abel mukofotini «matematika sohasining Nobel mukofoti» ham deyishadi. Turli yillarda AQSh, Fransiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Isroil va Vengriya olimlari mukofot laureatlari bo‘lishgan. Masaki Kashivara — Abel mukofotini olgan ilk yaponiyalik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter