«Biznesni rivojlantirish banki»ning ipotekali kreditlash siyosati haqida axborot berildi
Bugun, 28 iyun kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Biznesni rivojlantirish banki» ATB tomonidan aholiga ajratilayotgan ipoteka kreditlari va ularning amaliy samaralari mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda bank boshqaruvi rahbariyati va bankning tegishli tarkibiy tuzilmalari mas’ul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda «Biznesni rivojlantirish banki»ning ipotekali kreditlash siyosati va bu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida jamoatchilikka axborot berildi.
Hozirgi kunda bank tomonidan aholining uy-joy xarid qilish bilan bog‘liq ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida bir nechta yo‘nalishlarda ipoteka kreditlari ajratilmoqda.
Xususan, yangi tartib asosida birlamchi uy-joy bozorida kvartira xarid qilish uchun joriy yil boshidan ko‘plab mijozlarga xizmatlar ko‘rsatildi.
Qayd etilishicha, 2024 yil 1 iyun holatiga bank tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligidan jami 4 trln. 661 mlrd. so‘m jalb qilindi va birlamchi bozorda qurilgan ko‘p kvartirali uy-joylardagi kvartiralarni sotib olish, uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) uchun 20 816 nafar fuqarolarga jami 4 trln. 690 mlrd. so‘m miqdorida, 2024 yil yanvar-may oylari davomida 583 nafar fuqarolarga 157 mlrd 100 mln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi.
Shu jumladan, jami 10 523 nafar fuqarolarga ajratilgan 2 trln. 466 mlrd. 500 mln. so‘mlik ipoteka kreditlari bo‘yicha, 2024 yil yanvar-may oylari davomida 273 nafar fuqarolarga ajratilgan 76 mlrd. 800 mln. so‘mlik ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat budjetidan boshlang‘ich badal yoki foiz to‘lovlari uchun subsidiya mablag‘lari to‘lanmoqda.
Shu bilan birga, «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlari ham ajratilmoqda. Bu boradagi Bosh bitimga muvofiq 2024 yil 1 iyun holatiga «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ va bankning o‘z mablag‘lari hisobidan aholiga birlamchi, ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish va uy-joylarni ta’mirlash uchun 1 329 nafar fuqarolarga 283 mlrd. 74 mln. so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi.
Tadbirda yakka tartibdagi uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ham ajratilayotgani ma’lum qilindi.
Bugungi kunga qadar, bank tomonidan 1 353 nafar fuqarolarga uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish uchun jami 295 mlrd. 200 mln. so‘mlik kredit shartnomalari doirasida 259 mlrd. 100 mln. so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan.
Tadbirda jurnalistlarga ipotekali kreditlash yo‘nalishida 2024 yil oxirigacha belgilangan rejalar va prognoz ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Jurnalistlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar va bank faoliyatining kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter