Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston ilgari surgan rezolyusiyani qabul qildi

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston ilgari surgan rezolyusiyani qabul qildi

BMT Bosh Assambleyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyusiyasini bir ovozdan qabul qildi.

«Dunyo» AA bergan ma’lumotga ko‘ra, rezolyusiya matnini ishlab chiqish va kelishish bo‘yicha hukumatlararo muzokaralar jarayoni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tgan. Maslahatlashuvlarda dunyoning barcha qit’alaridan jami yuzdan ortiq davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etib, matnni o‘ziga xos mazmun bilan to‘ldirish va umumiy konsensusga erishish uchun ko‘plab takliflarni kiritishgan.

«Hujjat matnida O‘zbekiston Prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, «Markaziy Osiyo uchun «yashil» kun tartibi» va uning mintaqada barqaror rivojlanishga ko‘maklashishdagi roli alohida qayd etilgan. Rezolyusiyada BMTga a’zo davlatlar O‘zbekistonning Xalqaro iqlim forumini 2024 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini ham olqishladilar.

Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlarga e’tibor qaratilib, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish zaruriyati alohida ta’kidlangan. Shu bois, xalqaro hamjamiyatga ushbu jamg‘armani faol qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish to‘g‘risida murojaat yo‘llangan», – deyiladi Agentlik xabarida.

Shuningdek, hujjatda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashda innovatsion usullar va yangi texnologiyalarni joriy etish muhimligi qayd etilgan.

Rezolyusiyada Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi kurashish maqsadida barqaror qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, chiqindilarni qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, «aqlli shaharlar» va barqaror transportni yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Bosh Assambleya, shuningdek, BMT tizimi, xalqaro va moliyaviy institutlar, xususiy sektor, investorlar va donorlarga Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal qilish uchun resurslarni safarbar etish, salohiyatni oshirish va yordam ko‘rsatishni davom ettirishni tavsiya qiladi.

Rezolyusiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tashabbuslari ham bayon etilgan.

Hujjat barcha Markaziy Osiyo davlatlari nomidan taqdim etildi.

Rezolyusiya hammualliflari qatoriga Germaniya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy, Singapur, Vengriya, Vetnam, Ozarbayjon, Armaniston, Malayziya, Indoneziya, Misr, Iordaniya, Paragvay (BMTning barcha mintaqaviy guruhlari vakillarini qamrab olgan) kabi davlatlar ham kirdi.

Rezolyusiya qabul qilingandan so‘ng BMT Axborot xizmati «BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha rezolyusiyani qabul qildi» sarlavhali maqolani e’lon qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring