Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT shafeligida o‘tgan konferensiyada O‘zbekistonning chegara xavfsizligini ta’minlash tajribasi taqdim etildi

BMT shafeligida o‘tgan konferensiyada O‘zbekistonning chegara xavfsizligini ta’minlash tajribasi taqdim etildi

Joriy yilning 19-oktyabr kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori E.Aripov BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va Tojikiston hukumati taklifiga binoan Dushanbega tashrif buyurib, «Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilarning transchegaraviy harakatini oldini olish maqsadida chegara xavfsizligi bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlik» mavzusida bo‘lib o‘tayotgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada moderator sifatida ishtirok etdi.

Chegara xavfsizligini ta’minlash masalalarida qonun ustuvorligi va jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokini ta’minlashga qaratilgan sessiyada xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, huquq-tartibot idoralari va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

O‘zbekistonning bu boradagi tajribasiga to‘xtalar ekan, SMTI direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan bu borada olib borayotgan siyosatning asosiy tamoyili – terrorizmga qarshi kurashning fundamental asosi inson huquq va erkinliklarini, shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash ekanligini qayd etdi. Terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlarini himoya qilish bir-biriga zid bo‘lmagan, balki bir-birini to‘ldiradigan va mustahkamlaydigan maqsadlar ekanligi alohida ta’kidlandi.

E.Aripov, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasida jamiyatda o‘zaro muloqotni, ta’lim-tarbiyani rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish kabi muammolarni hal qilmasdan turib, terrorizmga qarshi samarali kurash haqida gapirish mumkin emas, dedi. Bu masalalar o‘zaro bog‘liqligi ayonlashayotgani qayd etildi.

SMTI direktori bugungi kunda Markaziy Osiyoda aksilterror siyosati keng qamrovli va inklyuziv yondashuvga asoslanishi zarurligi haqida tushuncha shakllanganiga ham to‘xtaldi. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida qabul qilingan BMTning Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasiga muvofiq, terrorizmga qarshi kurashda mintaqaning barcha mamlakatlari nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlarini ham jalb etish dolzarbligi qayd etildi.

Shuningdek konferensiya doirasida, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida SMTI va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar O‘zbekiston va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», shu jumladan, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 3-4-mart kunlari BMTning Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Toshkent konferensiyasida ilgari surilgan tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Shuningdek, uchrashuvda o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga kelishildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring