Bojxonachilar katta hajmdagi geroinni qo‘lga oldilar

Bojxona fosh etadi
Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan mamlakatimizda narkotik moddalarning davlat chegaralari orqali noqonuniy aylanishiga qarshi qaratilgan tezkor tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.
Bu turdagi jinoyatlar uchun qat’iy choralar belgilangani bois, so‘nggi paytlarda javobgarlikdan qochish maqsadida, giyohvand moddalarni mamlakatimiz hududidan tranzit tarzida o‘tuvchi poyezd vagonlariga yashirib, go‘yoki egasiz tarzda o‘tkazish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Ammo, bu kabi holatlar o‘z vaqtida fosh etilmoqda.

Xususan, bojxona va davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari hamkorlikda 2018-yilning 31-may kuni «Bekobod» temir yo‘l chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan respublikamiz orqali tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganida, vagonlardan birining ostki qismida ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlarga joylashtirilgan temir qutilar xodimlarning diqqatini tortdi.
Kuchli magnit vositasi ko‘magida vagon ostiga mahkamlangan ushbu temir qutilar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, ularning ichiga polietillen o‘ramlarda 14 kg. 920 gr. og‘irlikdagi geroin giyohvandlik vositasi yashirilgani fosh bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter