Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bo‘kadagi IIBdan 36 yoshli yigitning o‘ligi chiqdi

Bo‘kadagi IIBdan 36 yoshli yigitning o‘ligi chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 4-iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIB xodimlari bir yigitni (lo‘li millatiga mansubligi aytiladi, -tahr.) o‘g‘irlikda gumon qilib, tergovga jalb qilgani va tergov vaqtida uni urib o‘ldirib qo‘ygani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Aslida nima bo‘lgan?

IIV axborot xizmatiga ko‘ra, joriy yilning 4-iyun kuni IIV Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida sodir etilgan qator o‘g‘irliklarda gumonlanib, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 36 yoshli U.S. himoyachisi ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19:00da Bo‘ka tumani IIBdagi vaqtincha hibsxonaga joylashtirilgan.

Shu kuni soat 23:30larda gumonlanuvchi U.S.ning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan IIV mas’ullarining olib borgan o‘rganishlarida aniqlanishicha, 3-iyun kuni soat taxminan 22:00larda gumonlanuvchi U.S. Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan.

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh.lar hibsga olingan.

Shu sabab Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo‘lgan tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh.lar ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.

Shuningdek, Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

IIV rahbariyati, o‘z o‘rnida, ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda fuqaro U.S.ning vafot etganligi munosabati bilan cheksiz taassufda ekanligini bildirgan va marhumning oila a’zolari hamda yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Toshkent shahar Chilonzor tumani IIB binosidan ham 21 yoshli surxondaryolik yigit og‘ir ahvolda olib chiqilgani va bir haftadan so‘ng vafot etgani haqida xabar berilgan edi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring