Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz — Shahnoza Mirziyoyeva

Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning aytishicha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqilmoqda. Maqsad — yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishish.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoning muqarrar bo‘lishi, yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishish uchun tashabbus bilan chiqilishi haqida Instagram sahifasida ma’lum qildi.
«Men ko‘pincha shu savol ustida o‘ylanaman: katta yoshdagi inson qaysi pallada boladagi insoniy qiyofani ko‘rmay qoladi? Qachon g‘azab va bezovtalik zo‘ravonlik uchun bahonaga aylanadi? Bola himoya qilishga "ulg‘ayib yetishi" mumkin emas. Himoya uning haqqi sifatida uning ilk nafasidan boshlab mavjud bo‘lishi shart. Shart-sharoitlarga bog‘liqsiz, mutlaq va kafolatli tarzda», — dedi u o‘z postida.
Uning aytishicha, so‘nggi oylarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda. «Bugungi kunda mazkur mavzu yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda», — dedi u.
«Biz Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz. Maqsad — bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi, javobgarlik adolatli va muqarrar bo‘lishi, yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishishdir», — dedi Mirziyoyeva.
Ta’kidlanishicha, hozirda Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh shakllantirilmoqda.
Ushbu guruh quyidagi aniq va amaliy o‘zgarishlar ustida ish boshlab bo‘lgan:
- bolalarga ziyon yetkazgan shaxslar uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish;
- shafqatsizlikka yo‘l qo‘yganlar uchun bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash;
- javobgarlikni tezkor va samarali ta’minlash maqsadida yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish.
«Men zo‘ravonlikni "tasodif" deb hisoblamayman. Bu — har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning muqobili sifatida boshqa bir tanlov ham bo‘lishi shart: uni to‘xtatish tanlovi. Oqlash emas. Muammoga ko‘z yummaslik tanlovi», — deya postini yakunlagan Mirziyoyeva.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter