Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura «Qodirov ishi» bo‘yicha ma’lumot berdi

Bosh prokuratura «Qodirov ishi» bo‘yicha ma’lumot berdi

2019-yil 8-aprel kuni internet tarmog‘ida Amnesty International tashkilotining go‘yoki sobiq bosh prokuror R.Qodirovga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik ishlatilgani, qo‘pol munosabatda bo‘lingani, shuningdek boshqa sudlanuvchilarga nisbatan haligacha qiynoqlar xavfi saqlanib qolinayotganligi to‘g‘risidagi murojaati e’lon qilindi. Bosh prokuratura ushbu xabarga munosabat bildirdi:

Bosh prokuratura tomonidan R.Qodirov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha 22.02.2018-yilda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilgan.

25.02.2018-yil R.Qodirov tovlamachilik, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergovning boshidanoq R.Qodirovga himoyalanish huquqi berilgan, advokatning barcha tergov harakatlarida ishtiroki, shuningdek, u bilan hech qanday cheklovlarsiz holi uchrashish imkoniyati ta’minlangan.

R.Qodirov va boshqa ishtirokchilarning yoshini hisobga olgan holda, dastlabki tergov davomida ularning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiyot muassasalarining doimiy nazorati ostida bo‘ldi. Ishni sudda ko‘rib chiqish jarayonida ham doimiy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda va barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan alohida maxsus transport vositasi ajratilgan.

Tergov davomida sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan, uning xulosasiga ko‘ra, R.Qodirovning sog‘lig‘ining holati qamoqda saqlashga to‘sqinlik qilmasligi ma’lum bo‘lgan va unda hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan.

Ta’kidlash joizki, Moskva shahrining «Щеглов и партнёры» advokatlik byurosi bilan tuzilgan huquqiy yordam ko‘rsatish shartnomasi asosida faoliyat yurituvchi advokat A.Madyarov R.Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida advokat sifatida ishtirok etishini ta’minlashga oid choralar ko‘rish to‘g‘risida iltimosnoma bilan faqatgina 18.07.2018-yilda murojaat qilgan.

Tergov organlari zudlik bilan bu haqida R.Qodirovni xabardor qilish choralarini ko‘rgan, R.Qodirov A.Madyarov huzurida o‘z tashabbusiga ko‘ra uning xizmatlaridan voz kechib, unga nisbatan hech qanday jismoniy yoki ruhiy bosim o‘tkazilmayotganligi, u ixtiyoriy ravishda ko‘rsatmalar berayotgani haqida ma’lum qilgan. Shuningdek, R.Qodirov ayni paytda uning huquqlarini boshqa advokat himoya qilayotgani va qo‘shimcha advokat jalb qilinishiga ehtiyoji yo‘qligini bildirgan.

Bundan tashqari, uchrashuvda A.Madyarovning talabiga binoan R. Qodirov unga o‘z tanasini ko‘rsatgan, shundan so‘ng A.Madyarov tan jarohatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilgan. Shu bilan birga, R.Qodirov A.Madyarovdan o‘g‘li A.Qodirov bilan bog‘lanishni va yetkazilgan zararni qoplash haqidagi iltimosini o‘g‘liga yetkazishini so‘ragan.

Tergov davomida R.Qodirov o‘z aybini faqat qisman tan olgan, bu esa unga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va uning bunday mazmundagi ko‘rsatmalarini olishda unga nisbatan qandaydir bosim o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir.

Bundan tashqari, 17.01.2019-yilgi sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning savoliga R.Qodirov tergov davomida o‘z ko‘rsatmalarini ixtiyoriy ravishda berganligini ma’lum qildi va bu sud majlisi bayonnomasida qayd etildi.

Bugungi kunda R.Qodirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Bosh prokuratura jinoyat ishlariga jalb etilgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilishini kafolatlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring