Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuraturada jinoyatchilik va huquqbuzarlikni kamaytirishga doir idoralararo yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Bosh prokuraturada jinoyatchilik va huquqbuzarlikni kamaytirishga doir idoralararo yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

12-mart, chorshanba kuni Bosh prokuraturada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan respublika idoralararo yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda Parlament va Hukumat a’zolari, sohaga mas’ul vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari rahbarlari va mas’ul xodimlar, viloyat, tuman-shahar hokimlari, Respublika va hududiy idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab va ishchi guruh a’zolari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Prezidentning 2025 yil 3 yanvardagi «2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1-son qarori ijrosi ahvoli, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar birma bir ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishida Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar aniq raqamlar va misollarda ko‘rsatib o‘tilib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

Jumladan, namunali xavfsiz yo‘lak va ko‘chalarni tashkil etish, mahallalarni to‘liq videokuzatuv bilan qamrab olish, aholining huquqiy ongini oshirish, «mahalla yettiligi» tomonidan «ijtimoiy profilaktika» tamoyili asosida faoliyatni yanada jadallashtirish, har bir «qizil» va «sariq» toifali mahallalar bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Tadbir davomida hududlar hamda respublika idora va vazirliklarning rahbarlari, mas’ul xodimlari tushuntirish va axborotlari eshitildi.

Respublika idoralararo yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va muhokama qilingan sohalarda faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring