Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasiga raislik qiladi

Bosh vazir Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasiga raislik qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 32-sonli qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi 2018 yil 5 iyuldagi 507-son qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qarorga muvofiq, endilikda Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi Kuzatuv kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raislik qiladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

O‘z navbatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududiy Jamoat kengashlari raislari etib belgilanib, ularning sport inshootlarida qurilish-montaj ishlarining borishi va ularning o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishi bo‘yicha shaxsiy javobgarliklari oshirildi.

Shu bilan birga, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan sport ob’yektlarini qurishda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va respublika hududlarida quriladigan ob’yektlar loyihalariga tatbiq etish maqsadida jamg‘arma hamda qurilish va loyiha tashkilotlarining malakali mutaxassislari xorijiy davlatlarga yuboriladi, shuningdek tajriba almashish uchun xorijdan mutaxassislar jalb etiladi.

Ma’lumot uchun, jamg‘arma mablag‘lari xayriya tashkilotlari, xususiy tadbirkorlar, jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan o‘tkaziladigan homiylik o‘tkazmalari, Davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobidan shakllantiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring