Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bozordagi shubhali shaxsning yonidan giyohvand modda topildi

Bozordagi shubhali shaxsning yonidan giyohvand modda topildi

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumani markaziy dehqon bozori atrofida yurgan shaxsning xatti-harakati ichki ishlar xodimlarining e’tiborini tortdi va uni kuzatuvda davom etishdi.

Noma’lum bu shaxs taxminan, yarim soatdan ortiq vaqt olazarak holatda bo‘lgan. Va so‘ng u o‘zining yoniga kelgan - telefon orqali muloqotda bo‘layotgan ikkinchi shaxs bilan go‘shakni qo‘ymay turib, juda qisqa soniyalarda qo‘liga dastro‘mol tutqazib, o‘z o‘rnida uning ham qo‘lidan noma’lum narsa olib, voqea joyidan juda tez fursatda uzoqlashishga urinishgan.

Ularni kuzatishda davom etayotgan ichki ishlar xodimlari esa tezkor harakatlar bilan har ikki shaxsni ham to‘xtatishgan. Avvaliga fuqaro yon cho‘ntagiga yashirgan dastro‘molini organ xodimlariga topshirishga qarshilik ko‘rsatgan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan g‘ijduvonlik fuqaro R.B.ga yashirin ravishda dastro‘mol bergan shaxs Samarqand viloyatining Toyloq tumanida yashovchi fuqaro M.Sh. bo‘lib chiqqan. Dastro‘moldan esa sof vazni 9,44 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi «Opiy» giyohvandlik vositasi topilgan. M.Sh. fuqaro R.B.ga bu giyohvand moddani 500 AQSh dollari evaziga sotayotgan bo‘lgan.

«Holat aynan, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar davom etayotgan vaqtda yuzaga kelgan. Oson daromad topish ilinjida qing‘ir yo‘llardan qaytmay, o‘zgalar hayotini og‘uga to‘ldirishga urinayotgan shaxslar sonining oshib borayotgani oiladagi befarqlik, ota-onalarning farzandlariga bo‘lgan e’tiborsizligi hamdir. Xuddi shu kuni Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 23 yoshli fuqaroning boshqa bir fuqaroga 5 dona gugurt qutiga joylashtirilgan, sof vazni 12,94 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi «Marixuana» giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda naqd 6 500 000 so‘m evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida esa Buxoro tumanida yashovchi fuqaro o‘ziga avvaldan notanish bo‘lgan kimsaga sof vazni 0.47 gramga teng bo‘lgan «Gashish» giyohvandlik vositasini 500.000 so‘m evaziga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan bu og‘ufurushlar ayni paytda qonun oldida javobgarlikka tortilishdi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) tegishli qismlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda»,-deydi Shuhrat Jalolov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring