Bo‘zsuv kanalini ifloslantirgan shaxslar javobgarlikka tortildi — Bosh prokuratura

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘zsuv kanali bo‘yiga chiqindi tashlanishi bilan bog‘liq videomaterial e’lon qilinishi ortidan prokuratura organlari holatni o‘rganishga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tegishli mutaxassislar jalb qilingan holda o‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlangan:
Ya’nikim, fuqaro U.Abdulxakov (1964-y.t.) o‘zi istiqomat qiladigan Yunusobod tumani Bo‘zsuv ko‘chasidagi kanal qirg‘og‘iga tutashgan uyining orqa tomonini kengaytirish va bog‘ tashkil qilish maqsadida haydovchi F.Mirzaliyevdan (1988-y.t.) kanal qirg‘oqlarini to‘ldirib berishni so‘ragan.

O‘z navbatida F.Mirzaliyev yana bir fuqaro D. Xudayberganov bilan o‘z boshqaruvchidagi yuk mashinalarida qurilish chiqindilarini olib kelib, Bo‘z-suv kanali qirg‘oqlariga to‘kishi natijasida suv ifloslanadi.

Holat yuzasidan yuqorida qayd etilgan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning (Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks) 72-moddasi 1-qismi (suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, suvto‘plagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish) va 91-moddasi 1-qismi (sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish) bilan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Natijada ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 1.115.000 so‘mdan jami 3.345.000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga huquqbuzarlik oqibati bartaraf etilib, kanali qirg‘og‘i (huquqbuzarlar tomonidan tashlangan) chiqindilardan tozalandi.
Pirovardida, Bosh prokuratura atrof-muhit muhofazasi, ayniqsa, obi-hayot – suvlarni ifloslantirishga qaratilgan harakatlarni oldini olishda barcha yurtdoshlarimiz mas’ul ekanini eslatib, bu borada barchani ogohlikka chiqaradi. Aks holda, bunday xatti-harakatlar jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan huquqiy choralar qo‘llanishiga sabab bo‘lishini yana bir bor eslatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter