Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Brifingmi yo «og‘iz moylash»? — Andijon hokimi tadbir o‘tkazdi... 

Brifingmi yo «og‘iz moylash»? — Andijon hokimi tadbir o‘tkazdi... 

Shu yilning 20-iyul kuni Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov jurnalistlar uchun navbatdagi brifing o‘tkazdi. Bu haqda tarqatilgan axborotda tadbirdan murod  koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan asossiz ma’lumotlar tarqalishiga barham berish, aholini qiziqtirayotgan eng dolzarb savollarga oydinlik kiritish ekani ta’kidlanadi.

Hozirgi murakkab paytda viloyatdagi mavjud vaziyat, ayniqsa, pandemiyaning oldini olish borasida aholiga axborot berib turishni olqishlash kerak, albatta. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur tadbir bilan bog‘liq o‘ta nozik xabarlar suzib-suzib yuribdi: brifing avvalida hokim nomidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga 5 million so‘mdan pul berilibdi!

Albatta, ochiq-oshkora, «mana bu sizga, hokim buvaning atagani...» deya konvert tutqazilmagan. Aksincha, «zamonaviy» shaklda, qip-qizil sumkachaga joylab, go‘yoki esdalik sovg‘asi sifatida topshirilgani aytilmoqda. Toki, tadbir tugaguncha sumkachaning ichida nima borligi bilinmasin, uyiga borib ochganida esa beixtiyor «vau!» devorishsin! Ikkinchidan, «sovg‘a berish»ning ayni shu shakli uni o‘z o‘rnida rad etish yoki qaytarib berish imkoniyatiniyam pasaytiradiki, «taktika»ga qoyil qolmay iloj yo‘q: bir o‘q bilan bir emas, bir necha quyon urilmoqda! 

To‘g‘ri, 5 million so‘m bilan hech kimning tuvagi tillo bo‘lib ketmaydi. Ammo aynan «...pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan  asossiz ma’lumotlar tarqalishiga barham berish» masalasida uyushtirilgan brifing avvalida ko‘rsatilgan bunday «saxovat»dan pirovard maqsadni ilg‘ash qiyin emas baribir. 

Voqelikka rasmiy munosabat bildirgan Andijon viloyati hokimi matbuot xizmati brifing ishtirokchilari «pul bilan siylangani»ni rasman inkor etmadi. Aksincha, holatni bilvosita tasdiqlab, salkam bir oy burun —  27 iyun kuni Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan (bir guruh OAV xodimlari uchun) maxsus press-tur va Andijon viloyati hokimining taqdirlash marosimi tashkil etilgani, mazkur tadbirga viloyatda faoliyat olib borayotgan soha vakillarining barchasini taklif etishning imkoni bo‘lmaganini ta’kidlab, kuni kecha o‘tgan brifing avvalida o‘sha tadbirning «qazo bo‘lgan qismi» nihoyasiga yetkazilganini bildirdi.

Shunga qaramay, rasmiy munosabatni vaziyatdan chiqish uchun qilingan ojizona harakat deyish mumkin. Negaki, OAV xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan viloyat hokimi uyushtirgan tadbirga nainki viloyatda, balki Toshkentda faoliyat olib borayotgan qator jurnalistlar ham taklif etilgan (u paytda Andijon viloyati «yashil zona» bo‘lib,  mahalliy jurnalistlarni tadbirga taklif etishda muammo yo‘q edi hisob). Mahalliy jurnalistlarga qo‘shib, poytaxtdan borgan hamkasblarimiz televizor (naqd pul bilan emas) bilan siylanganidan tashqari Asakaning «Cho‘ntak»ida quyuq mehmon qilingandi...  Kechagi tadbirda salkam bir oy avval hokimning aziz mehmoni bo‘lganlarning ko‘pchiligi «himmat»dan karrasiga bahramand qilingani esa rasmiy munosabatdagi gaplarni shubha ostiga qo‘yadi.

Sirtdan qaraganda, hokim buva bir guruh muxbirlarga hotamtoylik qilib, ularni doim qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinishi mumkin. Biroq, qaytaramiz, bunday «e’tibor» aynan «...pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan  asossiz ma’lumotlar tarqalishiga barham berish» masalasida uyushtirilgan brifing avvalida ko‘rsatilgani «himmat» savobini so‘roq ostiga qo‘yadi. Ikkinchidan va inkor etib bo‘lmaydigan fakt: O‘zbekiston Prezidentning 2017-yil 10-avgustdagi «O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uyushma bilan birgalikda ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy yoki yer uchastkalari bilan ta’minlash ishlarini belgilangan tartibda yo‘lga qo‘yishi vazifa sifatida qo‘yilgan. Ammo oradan roppa-rosa uch yil o‘tgan bo‘lsa-da, Prezidentning ayni qarori Andijon viloyati hokimi tomonidan hozirgacha ijro etilmadi.

Xullas, yuqoridagi bayonlardan kelib chiqilsa, 20 iyul kuni Andijon viloyat hokimi  uyushtirgan tadbirni nima deb atashniyam bilmaysan: brifingmi yoki «og‘iz moylash»?

Xulosa har kimning o‘ziga tan.

P.S. Ko‘pchilikning tili uchida turgan savolga to‘xtalish yoddan ko‘tarilibdi, uzr. Savolki: «Tadbir ishtirokchilari berganni  betiga qaramay olaveribdimi?». Bu endi o‘ta xasos va o‘ta xususiy holat. Har kimning insofini bersin. Qolaversa, «Yalong‘ochlar shahrida libos kiymak uyatdur» mazmunidagi arab maqolini qattiq hurmat qiladiganlar har sohada bor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring