Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniya ham Zelenskiyning iltimosini yerda qoldirmadi

Britaniya ham Zelenskiyning iltimosini yerda qoldirmadi

Ingliz bosh diplomati D.Lemmi va Ukraina rahbari V.Zelenskiy. Kiyev, 11 sentyabr.

Foto: Reuters

AQSh ortidan Buyuk Britaniya hukumati ham Ukrainaga G‘arb raketalari bilan Rossiyaning ichki hududlari bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat bermoqda.

«The Guardian» gazetasining yozishicha, London hukumati bu borada qaror qabul qilib bo‘lgan, ammo jamoatchilikka bayonot berish ko‘zda tutilmayotir.

Bu o‘rinda gap 250 km masofaga qadar parvoz qiluvchi Storm Shadow raketalari haqida ketmoqda. Buyuk Britaniya va Fransiya hamkorlikda ishlab chiqargan raketalarni Ukrainaga ingliz tomoni yetkazib bergan.

11 sentyabr kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan birgalikda Kiyevga tashrif buyurdi va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazdi.

13 sentyabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQShga safar qilishi va prezident Jo Bayden bilan uchrashishi kutilmoqda.

So‘nggi kunlarda ancha faollashgan diplomatik muzokaralarda Ukrainaga ko‘mak markaziy o‘rin tutmoqda.

G‘arb davlatlari Rossiya tajovuzi ortidan Ukrainaga faol ravishda harbiy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Ammo mojaroga NATO davlatlari aralashib qolishi ehtimoli sabab Kiyevga G‘arb raketa va uchoqlari bilan Rossiyaning ichki hududlariga zarba yo‘llashga izn berilmay kelayotgan edi. Zelenskiy esa ko‘pdan buyon g‘arblik hamkorlardan bunga ruxsat berishni so‘rab kelayotgan edi. Endilikda mazkur taqiq bosqichma-bosqich bekor qilinmoqda.

Avval xabar berganimizdek, kuni kecha AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Oq uy Ukrainaga Rossiyaning ichki hududlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llashga ruxsat bermoqchi ekanini ma’lum qildi.

AQSh Ukrainaga 300 km ga qadar masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini yetkazib bergan. Agar Vashington Kiyevga «yashil chiroq» yoqsa, Ukraina mazkur raketalar bilan Rossiyaning Rostov, Voronej, Belgorod, Kursk, Bryansk, Lipetsk, Kaluga kabi viloyatlaridagi nishonlarga zarba yo‘llashi mumkin. AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisob-kitobiga ko‘ra, Ukraina shu tariqa Rossiyadagi 245 ta harbiy ob’yekt, jumladan, aerodromlarga hujum uyushtirish imkoniga ega bo‘ladi.

2022 yil 24 fevraldan buyon Ukraina hududlarini egallash uchun jang olib borayotgan Rossiya G‘arbning bu qarorini noxush qabul qilishi aniq.

Joriy yil may oyida Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrifi yakunida Toshkent aeroportida Rossiya jurnalistlarining shu mazmundagi savollariga javob berar ekan, NATO mamlakatlari, xususan, Yevropaning aholisi zich joylashgan kichik davlatlarini Moskva bilan o‘ynashmaslik borasida ogohlantirib po‘pisa qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring