Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu kitobni o‘qiganlar Yaponiyaga borishdan cho‘chishmoqda

Bu kitobni o‘qiganlar Yaponiyaga borishdan cho‘chishmoqda

«Men ko‘rgan kelajak» kitobi sahifasi

Kuchli zilzila haqidagi bashoratlar tufayli Yaponiyaga sayyohlar oqimi kamaydi. Bu haqda CNN turindustriya ekspertlariga asoslanib xabar berdi.

Yaponiyalik rassom va yozuvchi ayol Ryo Tatsukining «Men ko‘rgan kelajak» manga-kitobidagi bashorat hamda ekstrasenslarning sharhlari oqibatida zilzila haqidagi mish-mishlar kuchaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Men ko‘rgan kelajak» kitobi turistlarni sarosimaga solmoqda. Asarda kelajakdagi tabiiy ofatlar, jumladan, 2025-yil iyulidagi kuchli zilzila bashorat qilingan. 2011-yildagi voqea mos tushganidan so‘ng kitobga qiziqish ancha oshgan. O‘sha yili Yaponiya shimoli-sharqida 9,0 magnitudali zilzila yuz berib, kuchli sunami yuzaga kelgan, keyinroq «Fukusima-1» atom elektr stansiyasi halokati sodir bo‘lgandi.

Shu mish-mishlar ta’sirida Yaponiyadagi turizm manzillarini bronlash, ayniqsa, Xitoy, Gonkong, Tailand va Vetnamdan keluvchilar orasida keskin pasaydi.

Garchi seysmologlar zilzilalarning aniq sanasini oldindan aytish ilojsizligini tinmay ta’kidlab kelishsa-da, ijtimoiy tarmoqlardagi vahimali xabarlar sayyohlarga ta’sirini o‘tkazishda davom etyapti, deyishmoqda ekspertlar.

Ryo Tatsuki haqida

Ryo Tatsuki

Ryo Tatsuki 1954-yil 2-dekabrda Yaponiyaning Kanagava prefekturasida tug‘ilgan, hozir Yokogamada yashaydi. Ko‘plab tengqurlari kabi bolaligida rasm chizish va qo‘shiq aytishga qiziqqan. Bir qarashda ajralib turadigan jihati yo‘q edi. Ammo to‘qqiz yoshida g‘alati tush ko‘rganidan keyin hammasi o‘zgarib ketdi: uning oldiga xuddi ertaklardagi kabi istarali, donishmand va soch-soqoli oppoq boboy keldi. U qandaydir muhim narsalarni aytdi, ammo Ryo o‘sha paytda hech narsani tushuna olmagan.

1970-yillar o‘rtalarida Ryo rassomlik faoliyatini boshlab, mangalar bilan shug‘ullanishga kirishdi. Ishi tinch, hammasi risoladagidek ketayotgan edi. 1976-yil 24-noyabrida g‘alati tush ko‘rdi: Queen guruhi yakkaxoni Freddi Merkyuri kutilmaganda vafot etganmish. Ryo tushini shunchaki kundaligiga tasvirlab qo‘ydi, uncha ahamiyat bermadi. Oradan roppa-rosa 15 yil o‘tib, 1991-yil 24-noyabr kuni Freddi Merkyuri olamdan o‘tadi. Nafaqat qo‘shiqchining o‘lim sanasi, balki yangiliklardagi so‘zlar ham uning tushidagi kabi edi!

Ryo Tatsuki har 5, 10 va 15 yilda tushlari o‘ngidan kelayotganini payqab qoladi. Masalan, 1992-yilning 31-avgustidagi tushida o‘zini Yevropadagi saroy yo‘lagida ko‘radi, yo‘lining oxirida go‘dak ko‘targan ayol portretiga ko‘zi tushadi, unda  «Diana» yozuvi aks etgandi. Oradan besh yil o‘tib, 1997-yil 31-avgustida malika Diana vafot etdi.

«Men ko‘rgan kelajak» kitobi sahifasi

Hatto ba’zi tushlari sanasigacha aniq chiqadi. 1995-yilning 2-yanvarida tushiga bolaliligidagi o‘sha otaxon kirib, unga yorilgan yerni ko‘rsatadi. Ryo uyg‘onishi bilan 15 kun yoki 15 yildan so‘ng Kobe shahri jabr ko‘rishi mumkinligini yozib qo‘yadi. Oradan 15 kun o‘tib, 1995-yil 17-yanvar kuni Kobe dahshatli zilzila o‘chog‘ida qoldi.

Ryo Tatsuki tushiga kirgan bashoratlarni mangalarda tasvirlaydi. Uning 15 ta tushidan 13 tasi o‘ngidan kelgan!

1999-yilda Hindistonga sayohat qilgan Ryoning tushiga sokin dengiz kirdi. Ammo qo‘qqisdan dengiz xuddi qaynagandek ko‘pirib ketdi. U avvaliga buni suv osti vulqonidir deb o‘ylaydi, ammo tafsilotlar ozligi bois e’tiborsiz qoldirdi.

Kurosuke / iStockphoto

2021-yilning 5-iyulida yana shu tush takrorlandi, faqat bunisi ancha vahimali edi. Dengiz hamon qaynab ko‘pirar, ammo unda endi ikki ajdaho paydo bo‘lgandi. Keyin suv shiddat bilan balandlab, Yaponiyaga ulkan sunami yopirilib, mamlakatning uchdan bir qismini qopladi. So‘ngra suv ostidan yangi quruqlik ko‘tarilib, Yaponiyani Tayvan, Gonkong va Filippin bilan birlashtirib yubordi...

Ryo mangada bularni batafsil tasvirlagan. Tushda ko‘rsatilgan sana 2025-yilning 5-iyuliga ishora bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring