Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu kun tarix zarvaraqlariga muhrlandi (foto, video)

Bu kun tarix zarvaraqlariga muhrlandi (foto, video)

Foto: «Xabar.uz»

Bugun Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining tashkil etilganiga roppa-rosa 1 yil to‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazini tashkil etish vazifasi belgilangan edi. 2020 yilning aynan shu bugungi sanasida esa Vazirlar Mahkamasining 409-son qarori bilan ushbu Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bir yillik faoliyat munosabati bilan bugun erta tongdan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab darvozalari mehmonlar uchun keng ochilib, ushbu dargohda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlarini taqdirlash marosimini o‘tkazish uchun tayyorgarlik jarayonlari boshlab yuborildi.

Tashkilotchilar, media va operatorlar guruhidan iborat katta jamoa tadbirning to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qilinishida mas’ulligini his qilib, o‘z vazifalarini bajarishga shaylandi.

Nihoyat ko‘tarinki kayfiyat bilan kirib kelgan ilk mehmonlar kutib olindi. Taqdirlash marosimiga vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, korxona va tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar tashrif buyurishdi.

Tadbir avvalida hammaning e’tibori monitorga qaratildi. Unda so‘nggi yilda mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan muhim natijalarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Ma’lumki, 2020 yil 5 oktyabrda Prezidentimizning «Raqamli O‘zbekiston – 2030» Strategiyasi tasdiqlanib, ushbu hujjat hududlarni va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilishda dasturilamal vazifasini o‘tamoqda va bu Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining qisqa fursatda samarali natijalar ko‘rsata olganida ham namoyon bo‘ldi.

Jumladan, Elektron hukumatning Idoralararo integratsiya platformasi orqali davlat organlarining 120 dan ortiq axborot tizimlari va xizmatlari o‘rtasida oyiga o‘rtacha 100 milliondan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirilib, bu jarayonlarda inson omili ishtirokini kamaytirishga, korrupsiyani yo‘qotishga, adolat va shaffoflikni ta’minlashga yordam berdi.

Vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va davlat xizmatlariga kirish «kaliti» hisoblangan yagona identifikatsiya tizimi — OneID orqali esa bugun 1 milliondan ziyod foydalanuvchilar 70 dan ortiq axborot tizimlariga kirib bormoqda.

Elektron hukumatning asosiy infratuzilmasi bo‘lgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali esa aholimizga 260 dan ziyod elektron xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Ushbu jarayonda 26 milliondan ortiq arizalar elektron qabul qilingan bo‘lib, vaqt va moliyaviy xarajatlarning tejalishiga xizmat qilmoqda.

Elektron hukumatning yangi ishlab chiqilgan Axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri orqali esa 29 ta tashkilotning 93 ta axborot tizimlari loyiha-texnik hujjatlarini kelishish, ular bo‘yicha xulosalar olish jarayonlari avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilgan.

Yana bir muhim loyihalardan biri elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri bo‘lib, hozirda tizim orqali 41 ta klassifikatorni alohida veb-servis orqali integratsiya qilish, onlayn yuklab olish hamda mas’ul davlat idoralari tomonidan yangilab borish imkoniyati mavjud.

2021 yilning 5 oyi davomida "Elektron hukumatning Yagona billing tizimi" orqali umumiy qiymati 974 million so‘mlik 8.4 milliondan ortiq tranzaksiyalar amalga oshirildi. Ushbu tizim davlat bojlari va yig‘imlarining to‘lov hujjatlarini shakllantirish, to‘lovlar shaffofligini oshirish imkonini bermoqda.

«Open data» – O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalining yangi talqiniga 149 ta davlat idoralari tomonidan 20 ta soha bo‘yicha 11 mingdan ortiq ma’lumotlar to‘plami joylashtirilib, ular qulay ilovalar, ijtimoiy va tijorat xizmatlarini yaratishga xizmat qiladi.

Hududlarning raqamli rivojlanish darajasini aniqlash va ularni reyting baholash maqsadida Nis.uz axborot tizimi joriy etilgan bo‘lib, u orqali 107 ta tashkilot hamda 203 ta respublika hududlarining ko‘rsatkichi – «yashil», «sariq», «qizil» ro‘yxatlarga ajratildi...

...Videorolikda havola etilgan natijalar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmagani kundek ravshan. Buning ortida yuzlab hamyurtlarimizning izlanishlari, o‘tkazgan tahlillari, mehnati samarasi turgani aniq.

Shundan so‘ng tadbirni ochish uchun so‘z O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqovga berildi. Vazir o‘z nutqida Elektron hukumatni rivojlantirishni hech qachon bir shaxs yoki bir tashkilot amalga oshira olmasligini, u go‘yoki bir katta zanjir bo‘lib, har bir vazirlik, idora va tashkilotlar axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari uning elementlari hisoblanishini, agar bu zanjirning biror elementi zaif bo‘lsa, zanjir uzilishi kabi elektron hukumatning to‘laqonli faoliyati uchun har bir tashkilotning raqamlashtirish darajasi yuqori bo‘lishi muhim ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga hammaga elektron hukumatni qurishda olib borayotgan ishlari, amalga oshirayotgan loyihalarida muvaffaqiyat va ulkan zafarlar tiladi.

So‘ng so‘z navbati O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarovga berildi. Bosh vazir maslahatchisi barchani bir yillik bosib o‘tilgan yo‘l, erishilgan natijalar bilan qutlash barobarida hali sohada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, muammo va kamchiliklar ko‘pligi va bu yo‘lda hamma barobar, mas’uliyatni his qilgan holda o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarishda davom etishi kerakligini ta’kidladi.

Va nihoyat hamma intiqib kutgan onlar yetib keldi. Raqamlashtirish bo‘yicha reytingda yuqori natijalarga erishgan, elektron hukumat yo‘nalishida loyihalarni samarali amalga oshirgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari birin-ketin sahnaga taklif etildi.

G‘oliblar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanib, maxsus statuetka va sovg‘alar bilan taqdirlanishdi:

«Elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkor» nominatsiyasi – BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi;

«Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va faoliyatni raqamlashtirish borasida eng yuqori natijaga erishgan davlat boshqaruvi organi» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi;

«Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va faoliyatni raqamlashtirish borasida eng yuqori natijaga erishgan xo‘jalik boshqaruvi organi» nominatsiyasi – «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» Davlat korxonasi;

«Ijtimoiy soha ob’yektlarini telekommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlanganligi bo‘yicha eng ilg‘or hudud» nominatsiyasi – Xorazm viloyati hokimligi;

«Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eng yuqori natijaga erishgan tashkilot» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari agentligi;

«Navoiy shahar eng ilg‘or raqamlashtirilgan hudud» nominatsiyasi – Navoiy viloyati hokimligi;

«Axborot tizimlari va infratuzilmasi yuqori darajada rivojlangan tashkilot» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

«Eng yaxshi IT-bo‘linmaga ega tashkilot» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi;

«Eng qulay va interaktiv sayt» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi;

«Ochiq ma’lumotlar borasida eng faol tashkilot» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;

«Sud-huquq sohasida eng yaxshi IT-loyiha» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi;

«Elektron davlat xizmatlari sohasida eng yaxshi IT-loyiha» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi;

«Eng yaxshi ichki jarayonlarni avtomatlashtirgan tashkilot» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;

«Moliya sohasida eng yaxshi IT-loyiha» nominatsiyasi – ATB «Kapitalbank»;

«Arxitektura, kurilish va kadastr sohasida eng yaxshi IT-loyiha» nominatsiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi;

«Energetika, qishloq va suv xo‘jaligi  sohasida eng yaxshi IT-loyiha» nominatsiyasi - O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi;

«Eng ommabop mobil ilova» nominatsiyasi – «INSPIRED» MChJ QK («Payme» mobil ilovasi).

Boshlovchi tomonidan tadbirning asosiy sababchisi, mezboni Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori v.b. Bahrom Ziyayevga so‘z berilganida, zalda yana qarsaklar yangradi. Bu qisqa fursat ichida Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar uchun kichik bir rag‘bat namunasi edi. 

Markaz rahbari so‘zi avvalida barcha tashrif buyurganlarga chin dildan minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng fursatdan foydalanib, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi jamoasi nomidan eng yaxshi hamkorlariga chuqur minnatdorlik izhori tarzida kamtarona sovg‘alari borligini va ularni topshirmoqchi ekanini ta’kidladi.

Hamkor tashkilotlar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanib, maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanishdi. Mukofotlarni:

«Elektron hukumat infratuzilmasini rivojlantirishda eng yaxshi hamkor» nominatsiyasi – «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi, bosh direktor Nazirjon Nabijanovich Xasanov;

«Mobil aloqa sohasida elektron hukumatni joriy qilishda eng yaxshi hamkor» nominatsiyasi – Ucell savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi «COSCOM» MChJ, bosh direktori o‘rinbosari;

«Elektron hukumat doirasida ijtimoiy-moliyaviy loyihalarni amalga oshirishda eng yaxshi hamkor» nominatsiyasi – «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MChJ (UZCARD), bosh direktori Farrux G‘olibsherovich Ziyayev;

«Elektron hukumat axborot tizimlarini joriy qilish va ularni texnik qo‘llab-quvvatlashda eng yaxshi hamkor» nominatsiyasi – «Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – UZINFOCOM» MChJ, bosh direktor Emil Ildarovich Gimranov;

«Elektron hukumatda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishda bo‘yicha eng yaxshi hamkor» nominatsiyasi – «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki, boshqaruv raisi o‘rinbosari Farrux Muradovich Maxkamov;

«Elektron hukumat sohasida ilmiy tadqiqot olib borish va kadrlarni tayyorlashda  bo‘yicha eng yaxshi hamkor» nominatsiyasi – Toshkent shahridagi Amiti universiteti, direktor Bobur Sagdullayevich Abdullayevlar qabul qilib olishdi.

Tadbir davomida marosimning aziz mehmoni BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaga ham so‘z berildi. Shu bilan birga xorijiy hamkorlarning onlayn ishtiroki ham ta’minlanib, barchaga Estoniya elektron boshqaruv akademiyasining ijrochi direktori Xannes Astok hamda Belarus Respublikasi Elektron xizmatlar milliy markazi direktori Roman Gradusovlarning samimiy qutlovlari yetkazildi.

Marosim «Raqamli O‘zbekiston – 2030» kitobi taqdimoti bilan davom etdi. Tadbirning ushbu yana bir muhim qismida «Roland Berger» xalqaro konsalting kompaniyasi katta eksperti Diyor Qo‘chqorovning ma’ruzasi tinglandi.

Iliq so‘zlar, ijobiy natijalar, o‘ziga xos taassurotlar hamda kelgusi rejalarga motivatsiya berish ruhida o‘tgan tadbirni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov yakunlab berdi.

Shundan so‘ng barcha ishtirokchilar, taqdirlanganlar fotosuratga tushish uchun sahnaga taklif etildi. Va bugungi esda qolarli kun tarix zarvaraqlariga muhrlandi.

Shohida Isroilova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring