Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi bog‘chada nima gap: quyushqondan chiqqan direktor, «tishlog‘ich» metodist va boshqalar

Buxorodagi bog‘chada nima gap: quyushqondan chiqqan direktor, «tishlog‘ich» metodist va boshqalar

Videodan kadr.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Buxorodagi davlat bog‘chasida metodist va mudira tarbiyachini bolalar oldida urdi” sarlavhasi ostida tarqalgan videotasvir keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamaga aylandi. Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Iroda Oripovaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat joriy yilning 22-aprel kuni sodir bo‘lgan.

Tasvirda Olot tumanidagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti oshxonasida bolalar ovqatlanayotgan vaqtida bir nechta ayollarning o‘zaro mushtlashuvi aks etgan. Bildirilishicha, bu janjallashganlar: bog‘cha mudirasi, metodist va tarbiyachidan iborat bo‘lgan. Mudira va metodist tomonidan tarbiyachining kaltaklanishi bolalar ko‘z o‘ngida sodir etilgan.

«Judayam xunuk, to‘g‘rirog‘i, biz uchun uyatli holat. Bolalar tarbiya maskanida shunday ko‘ngilsiz holatning kelib chiqqani tarbiyalanuvchilar uchun ham, tarbiyachilar uchun ham, hatto, shu voqeaga guvoh bo‘lgan bo‘lsa, ota-onalar uchun ham xunuk manzara. Tumanimizdagi ko‘zga ko‘ringan bog‘chalardan biri sifatida e’tirof etib kelingan bu maskanning mas’ullariyu tarbiyachilarining bolalar ko‘z oldidagi yoqimsiz xatti-harakatini oqlamayman. 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori M.J.ga nisbatan Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining 2025 yil 30 apreldagi 277-K-sonli buyrug‘iga asosan, «Hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Tarbiyachining xatti-harakati uchun chora qo‘llash esa direktorning vazifasiga kiradi»,-dedi Olot tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i To‘xtajon Qutliyev.

Biz 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori M.J. bilan bog‘landik. M.J. o‘sha kuni tarbiyachi D.H. qatori boshqa tarbiyachilarga ham boshyalang holatda o‘tirgan maktabgacha ta’lim tashkiloti oshxonasiga kirishgani uchun tanbeh berganini, D.H. esa qizishib, janjal chiqarganini bildirdi.

«Oshxonada boshyalang kirish mumkin emas. Men boshqalar qatori bevosita D.H.gayam shu talabni qo‘ydim. O‘zaro muloqot qiziqqonlikka aylandi. Jahl ustida shu vaziyat yuzaga kelib qoldi. Janjaldan keyin D.H. bir hafatacha ishga kelmay qo‘ydi. Uni bog‘chamiz kasaba uyushmasiyu boshqa mas’ullarini tarbiyachining uyiga yuborish orqali chaqirtirdik. Kelmadi. Joriy yilning 28 aprelida № 9-sonli xat bilan 22 apreldan 28 aprelgacha ishga kelmagani yuzasidan tushuntirish berishi, aks holda, tegishli moddalarga asosan, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilishi to‘g‘risida ogohlantiruv xatini ham jo‘natdik. Javob bo‘lmadi. 7 may kuni №12-sonli hujjat asosida 12 mayda 27-DMTTda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda ishtirok etishi zarurligi yuzasidan Chaqiruv xati yuborildi. Biroq, mehnat intizomiga zid ravishda yig‘ilishga kelmadi»,-dedi DMTT direktori M.J.

Uning aytishicha, bir necha marta ogohlantiruv va chaqiruv xatlari jo‘natilishiga qaramay, yordamchi tarbiyachi ishga kelmagan. Shundan so‘ng D.H. joriy yilning 15 may kuni 60-2-31-DMM/2025-sonli hujjat asosida, mehnat intizomini muntazam ravishda buzib kelgani vaji bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan. Va u ishdan bo‘shatilgan.

«Men o‘z nomimga kelgan turli mazmundagi xatlarni rad etmayman. Endi siz o‘ylab ko‘ring, 22 aprel kuni men bog‘chaning mas’ul ayollari tomonidan kaltaklandim. Stress oldim. Bolalar oldida kamsitildim. Insoniy huquqlarim poymol qilindi. Men ham jismoniy, ham ruhiy zarba olgandim. Men toki o‘zimga kelgunimcha, «shok» holatda edim. Eng qizig‘i, shaxsan o‘zim shu kaltaklanganimdan keyin ham bog‘chaga bordim. «Mudira yo‘q», deb uning xonasiga kiritishmadi. Eshigi qulf, deya ko‘rsatishdi. Aslida, u shu yerda bo‘lgan. Bundan tashqari, meni 7 may kuni 12 mayda bo‘ladigan yig‘ilishga chaqirishgan. Aslida, 4 may kuni shaxsan o‘zim stress holatida bo‘lganim sababi o‘z hisobimdan vaqtinchalik mehnat ta’tili berilishini so‘rab, ariza yozib borgandim. Arizamni qabul qilishmadi. Bog‘cha mudirasini yana «yashirishdi». 5 may kunida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham qatnashdim. O‘shandayam stress holatida edim. Ushbu yig‘ilishda ham o‘z hisobimdan mehnat ta’tili berishlarini so‘rab, murojaat qilgandim. O‘z so‘zim isboti sifatida uni tasvirga olishga majbur bo‘lgandim. Ammo, murojaatimga e’tibor ham qilishmay, yana 7 may kuni xat jo‘natishdi. Buni qanday tushunish mumkin?»-deydi D.H. biz bilan telefon orqali muloqotda.

D.H. 22 aprelda sodir bo‘lgan janjalga tashkilot direktori aytganidek, ayollarning oshxonada boshyalang o‘tirgani haqida keltirgan vaji to‘g‘riligi, ammo, asosiy janjal boshqa masaladan kelib chiqqanini bildirmoqda.

«Bolam ham shu bog‘cha tarbiyalanuvchisi. Bilasiz, bog‘chaning tarbiyachisidan tortib, barcha ishchi-xodimlari o‘z hisoblaridan ovqatlanishadi. O‘sha kuni tushlikda direktor kirib keldi. Men bu vaqtda o‘z farzandimning idishida qolgan ovqatni tanovvul qilayotgan edim. M.J. meni ko‘pchilik oldida haqoratlab, yeganim haqini to‘lab qo‘yishimni talab qildi. Men bolam uchun puli to‘langan ovqatni yeganimni tushuntirishga harakat qildim. Afsuski, tortishuv janjalga, haqoratga aylanib ketdi»,-deydi D.H.

D.H. aslida, o‘rtada shaxsiy adovat borligi, shu sababdan o‘zining uch yildan buyon direktor tomonidan jamoa o‘rtasida doimiy kamsitilib kelinayotganini iddao qildi.

«Yolg‘on gapirgan. D.H. mening oldimga janjaldan keyin kelmagan. Kasaba uyushmasi mas’uli ham bir necha marta so‘rab bordi. Xatlar orqali chaqirildi. O‘zi ishlamasligini bildirgan»,-deydi tashkilot direktori.

D.H. 4 may kuni o‘z hisobidan mehnat ta’tili olish uchun yozgan arizasi hamda 5 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etgani videotasvirini tahririyatga taqdim etdi. Biroq, u o‘z arizasining bog‘cha mas’ullari tomonidan qabul qilinmaganini bildirmoqda.

Tasvirga ko‘ra, tarbiyachi D.H. ham tashkilot direktori, ham metodisti tomonidan kaltaklangan, yuzi tishlangan, sochlari yulingan va cho‘ntaklari kovlangan. Bu xatti-harakati uchun M.J.ga nisbatan Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i tomonidan intizomiy jazo qo‘llangan. M.J. esa o‘z xizmat vakolatidan kelib chiqib, voqeadan ma’lum vaqt o‘tgach, D.J.ni turli xat va vajlar orqali u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilgan.

- Xo‘p, siz yuqori turuvchi tashkilotingiz tomonidan intizomiy jazo -«Hayfsan» oldingiz, tarbiyachingiz esa siz tomoningizdan ishdan bo‘shatildi. Voqea ishtirokchilaridan yana biri – metodist-chi? Uning xatti-harakati uchun kim tomondan chora ko‘riladi?-savol yo‘llaymiz M.J.ga.

- Bu xodimga metodistlik yuklatilgan. Asosiy vazifasi - jismoniy yo‘riqchi. Ayni paytda esa u bola parvarishida. O‘sha kuni shaxsiy buyumlarini olish uchun kelgan.

- Va bevosita janjal ishtirokchisiga aylangan?

- Ha!

- Shunday qilib, uning xatti-harakati siz tomoningizdan ochiq qoldirildimi?

- Tez kunda bola parvarishidan ishga chiqadi va bu masala ko‘rib chiqiladi. O‘sha kuni og‘zaki janjal paytida yordamchi tarbiyachi, ya’ni D.H. meni qo‘l telefoniga tasvirga tushirmoqchi bo‘ldi. Men uning telefonini itarib yubormoqchi bo‘ldim, qo‘lim tegmadi. Shundan keyin mening yoqamga osilib ketdi. Metodist orqada turgan edi. «Direktorga nega qo‘l ko‘tarasan!»-deya po‘pisalanib, uni devorga qisdi. Shu bilan ikkalasi bir-birini urib ketdi..,-so‘zladi M.J.

- Rahbar rahbardek bo‘lishi kerak, deyishadi-ku! Qiziqqonlik, baribir, ustun kelibdi-da!-deymiz.

- Ha, tan olaman. Lekin, quyushqondan chiqishga majbur qiladigan qarg‘andi. «Bolalaring o‘lsin, ustida yig‘la», dedi. Man farzand dog‘ini ko‘rganman, chidolmadim! Buni hamma eshitdi! Bundan ilgari ham o‘z faoliyati davomida ko‘p qarg‘angan, juda ko‘p bor mehnat intizomini buzgan. «Hayfsan»lar berganmiz. Guruhidagi bola «katta ish» qilib qo‘yganida, o‘sha bolani ota-onasining uyiga olib borib, yuvintirib, yana qaytarib keltirgan. Shu va boshqa mazmundagi shikoyatlar bir nechta ota-onalardan tushgan. Shunga ham qaramay, biz yordamchi tarbiyachiga nisbatan keskin choralarni qo‘llamaganmiz,-so‘zlaydi M.J.

Ma’lumot o‘rnida: ushbu holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv-tergov harakatlari olib borilgan. Ayni paytda holat yuzasidan sud o‘z ishi davom ettirmoqda. Mavzuga qaytamiz.

Laylo Hayitova

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring