Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun Eron, keyingi nishon kim?..

Bugun Eron, keyingi nishon kim?..

Qishning so‘nggi kuni Yaqin Sharqda bir necha haftadan buyon kutilayotgan urush boshlandi: 28 fevral tongida AQSh va Isroil Eronga keng ko‘lamli zarbalar berdi.

Tehron, Isfahon, Qum, Karaj, Kirmonshoh kabi shaharlarda portlashlar qayd etilgan.

Ko‘p o‘tmay, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlanganini rasman tasdiqladi. Tramp Tehron yadroviy dasturini qayta tiklashga uringanini da’vo qilgan va vayronkor urushni “Amerika xalqini yaqinlashib kelayotgan tahdidlardan himoya qilish” maqsadi bilan oqlagan.

Isroil armiyasi Eronga shanba kungi hujum davomida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy, prezident Mas’ud Pezeshkiyon va boshqa mulozimlarni yo‘q qilishga uringanini bildirgan.

Bir muddat o‘tib, AQSh va Isroilning qo‘shma hujumi oqibatida Eronni 1989 yildan beri idora etib kelayotgan 86 yoshli oliy rahnamo Ali Xomanaiy halok bo‘lgani tasdiqlandi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Vashington va Tel-Avivning hujumiga javoban Isroil hududiga hamda Qo‘shma Shtatlarning Ko‘rfaz mamlakatlaridagi harbiy bazalariga hujum qilgan.

O‘zbekistonlik tahlilchilar Eronga qarshi urush va uning oqibatlarini muhokama qilmoqda.  

“AQSh va Isroildagi rejimlar yana o‘zini “dunyo hakami” sifatida ko‘rsatmoqda. Hech kim ularga bu vakolatni bermagan. Bir davlat yadroviy arsenalga ega bo‘lishi mumkin, bu – “xavfsizlik”. Boshqa davlat ilmiy dastur yuritsa,  bu – “tahdid”. Gumanizm ular uchun selektiv. Xalqaro huquq esa qulay paytda ishlatiladigan instrument, xolos. Bu xavfsizlik emas. Bu – nazorat. Bu – bosim. Bu – kuch orqali tartib o‘rnatish urinishidir”, – deb yozdi tahlilchi S.Pinxasova.

Erondagi urushning siyosiy mohiyatini tahlil qilgan.

“Eron–Isroil mojarosi odatdagidek “milliy manfaatlar to‘qnashuvi” sifatida talqin qilinmoqda. Go‘yo davlatlar sovuq hisob-kitob asosida, faqat strategik foydasini o‘ylab harakat qilayotgandek. Ammo xalqaro siyosatni diqqat bilan kuzatsak, ko‘p hollarda davlatlarni harakatga keltiradigan narsa milliy manfaat emas – rejimning omon qolish mantig‘idir...

Eron misolida zarbalarga javob berish harbiy jihatdan har doim ham manfaatli bo‘lmasligi mumkin. Lekin javob bermaslik rejim uchun ancha xavfli: u holda tashqi raqib emas, ichki auditoriya rejimni ojiz deb qabul qila boshlaydi. Avtoritar tizimlarda kuch obrazi – xavfsizlikning o‘ziga aylanadi. Shuning uchun ba’zan eskalatsiya strategik tanlov emas, balki siyosiy majburiyatga aylanadi.

Isroilda ham vaziyat mutlaqo tashqi hisob-kitob bilan cheklanmaydi. Davlat xavfsizligi haqidagi signallar ichki siyosat bilan chambarchas bog‘liq. Hukumat qattiq javob qaytarmasa, bu nafaqat raqiblarga, balki o‘z saylovchisiga ham zaiflik signali sifatida ko‘rilishi mumkin. Demokratik tizimda bu – saylov yo‘qotish xavfi; avtoritar tizimda esa – elita parchalanishi va legitimlik xavfi…

Ba’zan urushlar davlatlar g‘alaba qozonishi uchun emas, hokimiyatlar omon qolishi uchun davom etadi”, – deb yozadi u.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Isroil bor ekan, musulmon dunyosida tinchlik bo‘lmaydi, chunki Isroilning maqsadi kelishib, tinch yashash emas.

“Isroil hech ikkilanmay, boshqa musulmon davlatlarni bosib olishni reja qilyapti. Va bu yo‘ldan to‘xtamaydi. Uning niyati – yahudiycha dunyo tartibotini yaratish. Epshteyncha tartibot o‘rnatish... Kecha Misr edi, Suriya edi, Livan edi, Iroq edi, Qatar edi. Bugun Eron. Ertaga Turkiya bo‘ladi, Saudiya bo‘ladi, Pokiston bo‘ladi, O‘zbekiston bo‘ladi, Indoneziya bo‘ladi... Eronni “xalqi norozi”, “diktatura rejimi” deyishadi. Isroilni o‘zida xalq Netanyahudan rozimi? Amerikaliklar Trampdan to‘liq rozimi? Amerikaliklar yoki Isroil yahudiylari yillab namoyishlar o‘tkazib kelishadi, nega ularning rejimi legitim, Eron nolegitim?

Isroil bor ekan va AQSh uning qo‘lidagi qo‘g‘irchog‘i bo‘lar ekan, musulmon dunyosi tinch bo‘lmaydi. Lekin yaxshi yangilik ham bor. Besh yil oldin arablar, musulmonlar Isroil va AQSh borasida yaxshi gumonda edi. Bugun shu gumondan asar ham qolmadi. Biroq hali musulmon dunyosidagi transformatsiyaning boshidamiz...

Bu to‘liq sivilizatsion urush, maqsad – musulmon dunyosini bo‘ysundirish, Isroilga qarshilik ko‘rsatadigan markazlarni birma-bir yo‘q qilish”, – deb hisoblaydi K.Rabbimov.  

Tahlilchi Muhammadqodir Sobirov Erondagi harbiy holat partizanlik urushiga aylanib ketishi mumkin degan fikrda.

“Oxirgi norozilik harakatlari xalq hukumat tomonda emasligini ko‘rsatdi. Milliy o‘zliklar masalasi ham bor. Demak, Ukrainadagi kabi xalq qarshiligi bo‘lmaydi. Lekin diniy ulamolar ta’siri kuchli viloyatlarda partizanlar shaklidagi urush davom etsa kerak. Ya’ni siyosiy parokandalik davri boshlanadi. Buni AQShning Liviya, Iroq va Afg‘oniston operatsiyalari namoyish qilgan. Va bu biz uchun juda yomon. Chegaralarga yaqin davlatda failed state (parokandalikka yuz tutgan davlat ma’nosida – tahr.) paydo bo‘lishi ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham tranzit muammolarni ko‘paytiradi”, – deb yozadi u.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Erondagi beqarorlik ortidan O‘zbekistonning savdo yo‘llari falajlanishiga e’tibor qaratgan.

“Eksportimiz va importimiz bo‘yicha (osonroq) shimoliy yo‘limiz bor edi, hali ham bor, lekin u yo‘lning bir tarmog‘ida (Ukrainada) urush bo‘lyapti, boshqa tarmog‘i bir shantajchi moxovlar nazoratida.

Janubda ham ikki yo‘limiz bor edi, harqalay, ikkinchisi ustida zo‘r bosh qotirib ishlayapmiz, lekin, aksiga olib, bu yangi yo‘l o‘tgan ikki mamlakat – Afg‘oniston va Pokiston ikki-uch kundan beri ayovsiz urushyapti.

Shimoldagi yo‘limiz qiyinlashgach, asosiy eksport-import “tomirlari”mizdan biri Erondan o‘tayotgandi, lekin shu ham tagiga olib turibdi shekilli endi – AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshladi.

Tavba, uchala tomonimizda ham urush. Xuddi ataylab qilgandek”, – deydi M.A’zamxo‘jayev.  

Jurnalist Ilyos Safarovga ko‘ra, Eronga qarshi urush zamonaviy dunyoda kuch omili hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolgani,  xalqaro huquq amalda ishlamayotganini ko‘rsatadi. U nega ayrim jamiyatlarda tashqi xavf paytida xalq hokimiyat atrofida jipslashmaydi degan savolga ham javob izlagan.

“Bugungi voqealar, shuningdek, yana bir nechta jiddiy xulosalarni beradi.

Birinchidan, davlatlar uchun endi neytrallikning o‘zi yetarli emas. Davlatlar “tinchlik tarafdorimiz” degan pozitsiyasini kuch bilan mustahkamlamasa, u tashqarida zaiflik sifatida qabul qilinadi.

Shunday ekan, har qanday davlat uchun xavfsizlik formulasining birinchi ustuni – baribir adolatli boshqaruv bo‘lib qolaveradi. Qonun ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi real kurash, ochiqlik va xalq oldidagi hisobdorlik ichki barqarorlikning asosi. Xalq ishonchi – eng katta kapital.

Shu poydevor mustahkam bo‘lsa, keyingi masala – ilm-fan va texnologiya. Bu jihat ham hukumatlar uchun adolatli boshqaruv bilan eng avval uyg‘unlashtiriladigan masalaga aylangan. Chunki, ko‘ryapmiz, zamonaviy urushlar endi tanklar soni bilan emas, texnologik ustunlik bilan hal bo‘lmoqda. Dronlar, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, razvedka, yuqori aniqlikdagi tizimlar – bularning barchasi ilmga sarmoya natijasi...

Uchinchidan, professional va zamonaviy armiya. Yuqorida yozdim, endi armiya kuchini son emas, sifat hal qilmoqda. Tezkor boshqaruv, kuchli havo mudofaasi, zamonaviy texnika bugun tashqi dushmanni real tiyib turuvchi omillar bo‘lib qoldi.

Bas, davlatlarni endi ichki adolat va xalqqa hisobdor yuritiladigan oqilona tashqi siyosatgina saqlab qola oladi”, – deb xulosalarini bayon qilgan I.Safarov.

“Bugun kechasi, shunday muborak oy bo‘lishiga qaramay, yana dunyoning ba’zi burchaklarida bolalar shirin tushlar og‘ushida emas, sirenalar va portlashlar sadosidan cho‘chib uyg‘onishadi. Ular tunni qo‘rquv bilan, ertani esa omon qolish umidi bilan qarshi olishga majbur. Ertaga bahor boshlanadi, ammo qo‘rquv undan ilgariroq yetib keldi.

Qo‘rqib turgan bolani hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Hech qanday siyosat, hech qanday sabab, hech qanday kuch va hech qanday g‘alaba bola ko‘zlaridagi dahshatni oqlay olmaydi! Agar bolalar osmondan kelayotgan sadodan qo‘rqsa, demak, insoniyat yerda o‘z yo‘lini yo‘qotgan, ming afsus!..” – deya taassuf izhor qildi shoir va tarjimon A’zam Obid.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring