Bugun Muhammad Yusuf tug‘ilgan kun. Hayot bo‘lganida 66 yoshga to‘lgan bo‘lardi
Vatanim
Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim,
O‘zim xoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg‘izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim…
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri
Ilig‘imsan, Vatanim.
Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim.
Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon,
Cho‘lig‘imsan, Vatanim.
Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Kurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig‘, deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to‘qson olti
Urug‘imsan, Vatanim…
O‘g‘lim desang osmonlarga
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug‘beging quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi
So‘lig‘imsan, Vatanim…
O‘tgan kuning – o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.
Yoningda qon yig‘lagan bir
Shoiringga qarab qo‘y,
Gar Qo‘qonga yo‘ling tushsa,
Detdomlarni so‘rab qo‘y.
Hech bo‘lmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qo‘y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug‘imsan, Vatanim…
Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!
Muhammad Yusuf, O‘zbekiston xalq shoiri
Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga keldi. O‘rta maktabdan so‘ng Rus tili va adabiyoti institutiga kirib, uni 1978 yili tamomladi. 1978-1980 yillarda respublika Kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillarda «Toshkent oqshomi» gazetasida, 1986-1992 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, «O‘zbekiston ovozi» gazetasida ishladi. Umrining so‘nggi yillarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasini bajardi.
U o‘nga yaqin she’riy to‘plam, ko‘plab qo‘shiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalbiga kirib ulgurdi. Shoirning dastlabki she’rlari «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida 1976 yili e’lon qilindi. So‘ngra «Tanish teraklar» (1985), «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz» (1989), «Halima enam allalari» (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko‘nglimda bir yor» (1991), «Bevafo ko‘p ekan» (1991), «Erka kiyik» (1992), «Yolg‘onchi yor» (1994) kabi she’riy to‘plamlari, saylanmalari nashr etildi.1989 yilda esa «Uyqudagi qiz» nomli she’riy to‘plami uchun unga respublika Yoshlar tashkilotining mukofoti berildi. 1998 yili Muhammad Yusufga «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berildi.
Shoir 2001 yilning 1 avgust kuni 47 yoshida olamdan o‘tdi. Agar u hayot bo‘lganida bugun 66 yoshni qarshi olardi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter